Avto

O‘zbekistonda Chevrolet avtomobillari: eng ko‘p uchraydigan nosozliklar

Yanvar oyida 18,1 ming dona Chevrolet avtomobili sotilgan
O‘zbekistonda Chevrolet avtomobillari: eng ko‘p uchraydigan nosozliklar
Foto: Autostrada

O‘zbekiston avtomobil bozorida Chevrolet markasi eng keng tarqalgan brendlardan biri hisoblanadi. «O‘zavtosanoat» AJ ma’lumotiga ko‘ra, yanvar oyida 18,1 ming dona ushbu brend modeli sotilgan. Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet avtomobillarida eng ko‘p uchraydigam muammolar va ularning yechimini bitta maqolaga jamladi.

Maqola mundarijasi:

Sovitish tizimi muammolari

Chevrolet avtomobillarida eng ko‘p uchraydigan nosozliklardan biri sovitish tizimi bilan bog‘liq muammolardir. Bu turdagi nosozliklar odatda 3–7 yil foydalanishdan keyin paydo bo‘ladi. Issiq iqlim, tirbandlik va sovutish suyuqligini vaqtida almashtirmaslik muammoni tezlashtiradi.

Ko‘p hollarda suv nasosining muhr qismidan antifriz sizib chiqishi kuzatiladi. Bundan tashqari termostatning yopishib qolishi yoki plastmassa patrubkalar yorilishi ham tez-tez uchraydi. Bunday holatda avtomobil kapoti ostidan antifriz hidi kelishi, radiator ventilyatori tez-tez ishlashi yoki dvigatel harorati keskin ko‘tarilishi mumkin.

Foto: Kursiv Media

Muammoni aniqlash uchun sovutish tizimini bosim ostida tekshirish usuli qo‘llaniladi. Bu usul ko‘zga ko‘rinmaydigan mikro oqishlarni ham aniqlashga yordam beradi. Vaqtida ta’mir qilinmasa dvigatel qizib ketishi va qimmat ta’mirga olib kelishi mumkin.

PCV tizimi va yog‘ sarfi

Import qilingan yoki ikkilamchi bozordagi ayrim Chevrolet modellari, ayniqsa 1.4 turbo dvigatelli avtomobillarda karter gazlari ventilatsiyasi tizimi bilan bog‘liq muammolar uchraydi. Bu holat kollektor ichidagi maxsus klapan yo‘qligi yoki nosozligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Foto: Ustabor

Dvigatel ichida bosim ortadi va moy yonish kamerasiga tortilishi boshlanadi. Belgilari orasida yog‘ sarfining ortishi, dvigatelning notekis ishlashi yoki «Check Engine» ogohlantirish chirog‘ining yonishi kuzatiladi.

Bunday muammo aniqlansa kollektor ichidagi klapan mavjudligi tekshiriladi. Agar u yo‘q bo‘lsa, kollektorni almashtirish tavsiya etiladi.

Yonish tizimi nosozliklari

O‘zbekiston sharoitida eng keng tarqalgan muammolardan yana biri yonish tizimiga bog‘liq nosozliklardir. Cobalt, Lacetti, Gentra yoki Nexia kabi ommaviy modellar egalari orasida vibratsiya yoki tortish pasayishi tez-tez uchraydi.

Muammoni aniqlash uchun diagnostika skaneri orqali tekshiriladi. Shuningdek sham quduqlarida moy bor-yo‘qligi ko‘zdan kechiriladi. Ta’mir odatda murakkab emas va ko‘pincha shamlarni almashtirish bilan hal qilinadi.

Avtomatik transmissiya muammolari

Avtomatik uzatmalar qutisi bilan bog‘liq nosozliklar ham Chevrolet avtomobillarida uchrab turadi. Ba’zi modellarda tezlik almashtirish paytida silkinish yoki sirpanish kuzatiladi.

Chevrolet Onix avtomobili
Chevrolet Onix avtomobili / Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Rasmiy servis hujjatlarida bunday muammo transmissiya liniyasidagi bosim pasayishi bilan bog‘lanishi mumkinligi qayd etilgan. Ayrim hollarda esa transmissiya nasosining shikastlanishi sabab bo‘ladi. Belgilari orasida 1–2 tezlik o‘rtasida silkinish, kuchli zarba bilan uzatish almashishi yoki avtomobilning umuman yurmay qolishi kuzatilishi mumkin. Muammoni aniqlash uchun diagnostika skaneri, transmissiya moyi holati va liniya bosimi tekshiriladi.

Profilaktika sifatida transmissiya moyini vaqtida almashtirish juda muhim. Og‘ir ekspluatatsiya sharoitida moyni taxminan 70 ming kmdan keyin yangilash tavsiya etiladi.

Akkumulyator va elektr tizimi muammolari

Akkumulyator tez o‘tirib qolishi ham Chevrolet egalari duch keladigan muammolardan biridir. Bu ko‘pincha avtomobil uzoq vaqt harakatsiz turganda yoki elektron modullar sabab yuzaga keladi.

Foto: OLX

Ba’zi GM servis hujjatlarida OnStar moduli sabab parazit tok paydo bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan. Natijada avtomobil bir necha kun ishlatilmasa ham akkumulyator bo‘shab qolishi ehtimoli mavjud.

Muammoni aniqlash uchun parazit tok o‘lchovi amalga oshiriladi. Agar avtomobil o‘chirilganidan keyin ham tok sarfi yuqori bo‘lsa, elektr tizimi yoki modul diagnostikasi talab qilinadi.

Xodovoy qismi va suspenziya

O‘zbekiston yo‘llari va foydalanish sharoitlari sabab suspenziya elementlari tezroq eskiradi. Stabilizator stoykalari, sharli tayanchlar eng ko‘p almashtiriladigan detallar hisoblanadi.

Nosozlik belgilari orasida notekis yo‘lda urilish, rulda bo‘shliq paydo bo‘lishi yoki shinalarning notekis yeyilishi kuzatiladi. Bunday muammolarni aniqlash uchun avtomobil yuqoriga ko‘tarilib mexanik tekshiruv o‘tkaziladi.

Chevrolet Damas avtomobili
Chevrolet Damas avtomobili / Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Tormoz tizimi va xavfsizlik

Tormoz tizimi bilan bog‘liq muammolar kamroq uchrasa ham, ular xavfsizlik nuqtai nazaridan muhim hisoblanadi. Disk yuzasida zang paydo bo‘lishi yoki tormoz suyuqligini vaqtida almashtirmaslik tormoz samaradorligini pasaytiradi.

Belgilar orasida tormozlaganda rul titrashi, g‘ichirlash yoki tormoz masofasining ortishi kuzatilishi mumkin. Shu sabab tormoz disk va kolodkalarini muntazam tekshirish tavsiya etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tracker avtomobili uchun chegirmalar e’lon qilingani haqida yozgan edi.