O‘zbekistonda «yashil» energiya ishlab chiqarish 43 foizga oshdi

2026-yil boshidan buyon O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr energiya stansiyalari tomonidan 2 mlrd kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 43 foizga ko‘p.
20-mart holatiga ko‘ra, mamlakatdagi «yashil» energiya ishlab chiqarish hajmi 2 mlrd 15,4 mln kVt/soatga yetgan. Shundan 959,2 mln kVt/soat quyosh stansiyalariga, 1 mlrd 56,2 mln kVt/soat esa shamol elektr stansiyalariga to‘g‘ri keladi.
Hozirda O‘zbekistonda umumiy quvvati 5 582 MVt bo‘lgan 15 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 5 ta shamol elektr stansiyasi faoliyat yuritmoqda. So‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. 2022-yilda quyosh stansiyalari 434 mln kVt/soat elektr ishlab chiqargan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 576,9 mln kVt/soatga yetgan. 2024-yilda esa 4,86 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.
2025-yil yakunida esa barcha quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 10,5 mlrd kVt/soatni tashkil etdi. 2026-yilda esa bu ko‘rsatkich yanada tez sur’atlarda oshmoqda.
Qayd etilishicha, joriy yil boshidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi o‘tgan yildagiga nisbatan 610,7 mln kVt/soatga ko‘p. Bu esa mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish jarayoni jadallashayotganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Zangiotada ham elektr energiyasini saqlash tizimi qurilishi haqida yozgan edi.