
O‘zbekistonliklar uchun AQSh va Koreyada ish, ilk sovrinini qo‘lga kiritgan Husanov — 23-mart kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
O‘zbekistonliklar uchun AQShda mavsumiy ish ochiladi

O‘zbekistonliklar uchun AQShda mavsumiy ish imkoniyati ochilishi mumkin. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar bermoqda. Agentlik rahbari Behzod Musayev AQShning USA Farm Labor tashkiloti rahbari Manuel Fick bilan muzokara o‘tkazgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu tashkilot 22 yildan buyon H-2A dasturi doirasida AQSh qishloq xo‘jaligida mavsumiy ishlar uchun xorijiy ishchilarni jalb qilib kelmoqda. Hozirda u Shimoliy Amerikada 1,4 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari va rancholar bilan hamkorlik qiladi.
Janubiy Koreya yo‘l qurilish mutaxassislarini ishga taklif qilmoqda

Janubiy Koreyada yo‘l qurilish sohasida ishlashni istagan mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlari e’lon qilindi. Ishlar E-7-1 vizasi asosida Seul shahrida taklif etilmoqda.
Loyiha doirasida 50 ta ish o‘rni ochilgan. Taklif etilayotgan lavozimlar qatoriga yo‘l qurilish ustalari, payvandchilar, elektriklar, ekskavator va maxsus texnika mashinistlari kiradi. Nomzodlar bilan bir yillik mehnat shartnomasi tuziladi. Ish sifatiga qarab uni 3 yilgacha uzaytirish imkoniyati mavjud. Oylik maosh $2 ming etib belgilangan.
General Motors yangi avtomobili uchun chegirma e’lon qildi

General Motors (GM) yangi Buick Enclave avtomobili uchun chegirma e’lon qildi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi Enclave uchun 0,9 foizli kredit stavkasi 36 oy muddatga taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, avtomobil xarid qilgan mijozlar 120 kun davomida to‘lov qilmaslik imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ayrim xaridorlar uchun esa $1,75 minggacha chegirma beriladi.
Sirdaryoda 2 nafar MIB xodimi pora bilan ushlandi

Sirdaryo viloyatida Majburiy ijro byurosi (MIB)ning ikki nafar xodimi noqonuniy harakatlari uchun qo‘lga olindi. Tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari tomonidan o‘tkazilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Mirzaobod tumani bo‘limida ishlovchi davlat ijrochilaridan biri 2021-yil dekabr oyidagi sud qaroriga asosan qarzdordan 30 mln so‘m undirish bo‘yicha ish yuritgan. Ushbu mablag‘ undiruvchi fuqaro foydasiga to‘lanishi kerak bo‘lgan.
Germaniyada 300 yuzdan ortiq yo‘lovchisi bor poyezd halokatga uchradi

Germaniyaning Shimoliy Reyn-Vestfaliya hududida noma’lum shaxslar temiryo‘lga beton plitalar qo‘yib ketgani oqibatida poyezd halokati yuz berdi. Hodisa Axen va Hamm yo‘nalishida harakatlangan mintaqaviy poyezd bilan sodir bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Kamen shahri yaqinidagi temiryo‘l uchastkasida, Kamen-Metler va Kamen stansiyalari oralig‘ida yuz bergan. Mashinist yo‘lda yotgan begona buyumlarni vaqtida payqab, favqulodda tormoz bergan. Shunga qaramay, to‘qnashuvning oldini olishning imkoni bo‘lmagan.
O‘zbekistonda «yashil» energiya ishlab chiqarish 43 foizga oshdi
2026-yil boshidan buyon O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr energiya stansiyalari tomonidan 2 mlrd kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 43 foizga ko‘p.
20-mart holatiga ko‘ra, mamlakatdagi «yashil» energiya ishlab chiqarish hajmi 2 mlrd 15,4 mln kVt/soatga yetgan. Shundan 959,2 mln kVt/soat quyosh stansiyalariga, 1 mlrd 56,2 mln kVt/soat esa shamol elektr stansiyalariga to‘g‘ri keladi.
Abduqodir Husanov Angliyada ilk sovrinini qo‘lga kiritdi

22-mart kuni Londondagi «Uembli» stadionida Angliya Liga kubogi finali bo‘lib o‘tdi. Unda «Manchester Sity» jamoasi «Arsenal» ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda Abduqodir Husanov asosiy tarkibda maydonga tushdi va o‘yinni to‘liq o‘tkazdi.
«Shaharliklar» tarixda to‘qqizinchi bor Liga kubogini qo‘lga kiritdi. Mazkur g‘alaba Husanov uchun Angliyadagi ilk sovrin sifatida qayd etilgan.
Qarshida hokim yordamchisi pora bilan ushlandi
Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida hokim yordamchisi va yetakchi mutaxassisga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lum qildi.
DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida ishlovchi hokim yordamchisi 1983-yilda tug‘ilgan fuqarodan $1 ming olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.