Yangiliklar

O‘zbekistonliklar uchun AQShda mavsumiy ish ochiladi

Dastur doirasida ish muddati 9–10 oy etib belgilanishi, o‘rtacha oylik $3,5 ming bo‘lishi kutilmoqda
O‘zbekistonliklar uchun AQShda mavsumiy ish ochiladi
Foto: Depositphotos

O‘zbekistonliklar uchun AQShda mavsumiy ish imkoniyati ochilishi mumkin. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar bermoqda. Agentlik rahbari Behzod Musayev AQShning USA Farm Labor tashkiloti rahbari Manuel Fick bilan muzokara o‘tkazgan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu tashkilot 22 yildan buyon H-2A dasturi doirasida AQSh qishloq xo‘jaligida mavsumiy ishlar uchun xorijiy ishchilarni jalb qilib kelmoqda. Hozirda u Shimoliy Amerikada 1,4 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari va rancholar bilan hamkorlik qiladi.

Foto: Migratsiya agentligi

Onlayn formatda o‘tgan uchrashuvda o‘zbekistonlik nomzodlarni ilk bor AQShdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish tartiblari muhokama qilindi. Dastur doirasida ish muddati 9–10 oy etib belgilanishi, o‘rtacha oylik $3,5 ming bo‘lishi kutilmoqda. Turar joy ish beruvchi hisobidan ta’minlanadi, malakali mutaxassislarga ustuvorlik beriladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Janubiy Koreya yo‘l qurilish mutaxassislarini ishga taklif qilayotgani haqida yozgan edi.