Qarshida hokim yordamchisi pora bilan ushlandi

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida hokim yordamchisi va yetakchi mutaxassisga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lum qildi.
DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida ishlovchi hokim yordamchisi 1983-yilda tug‘ilgan fuqarodan $1 ming olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, u 2019-yilda shahar hokimligi tomonidan ijara asosida berilgan 35 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xususiy mulk sifatida rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Tekshiruv davomida ushbu pul mablag‘i shahar hokimligining yetakchi mutaxassisiga berilishi kerakligi aniqlangan. Tezkor tadbir davom ettirilib, mutaxassis ham pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda 9,6 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptoaktivlar savdosi fosh etilgani haqida yozgan edi.