Sharq «gavhari» — Imom Buxoriy majmuasidan fotoreportaj

Ramazon hayiti arafasida ochilgan Imom Buxoriy majmuasi bayram kunlari 63 mingdan ziyod sayyohlarni jalb qildi. «Kursiv» ushbu majmuadan fotoreportaj tayyorladi.
Samarqand viloyatida joylashgan Imom Buxoriy majmuasi markazida buyuk muhaddis Imom Buxoriy maqbarasi joylashgan. Majmua qoshida zamonaviy turizm markazi, 15 gektar hududda mehmonxonalar, servis nuqtalari va infratuzilma barpo etilgan. Bu yerda to‘rt yulduzli va uch yulduzli mehmonxonalar, shuningdek, 176 o‘rinli 22 ta oilaviy mehmon uylari qurilgan. Barcha obyektlar zarur kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlangan va hudud obodonlashtirilgan.



Yangi infratuzilma natijasida majmuaning sig‘imi keskin oshdi. Ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan maskan endi kuniga 65 ming kishini qabul qila oladi. Majmuaning umumiy maydoni 45 gektarni tashkil etadi.


Bu yerda 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, ma’muriyat binosi va 154 ustunli milliy uslubdagi ayvon qurilgan. Shuningdek, hududda 14 ta moviy gumbaz va balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora qad rostlagan.


Majmua tarkibida zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan innovatsion muzey ham faoliyat yuritadi. To‘qqiz pavilyondan iborat ushbu muzey Imom Buxoriy hayoti, ilmiy merosi va islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini yoritadi. Unda Qur’oni karimda nomi zikr etilgan 25 payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi hamda Makka va Madinadagi hayoti haqida ma’lumotlar joylashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Kursiv Uzbekistan muxbiri Xorazmda Navro‘z bayrami qanday nishonlanayotgani, shodiyona ruhini his qilishingiz uchun fotoreportaj tayyorlagani haqida yozgan edi.