Sirdaryoda 2 nafar MIB xodimi pora bilan ushlandi

eʼlon qilindi
Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Sirdaryoda 2 nafar MIB xodimi pora bilan ushlandi
Foto: DXX

Sirdaryo viloyatida Majburiy ijro byurosining (MIB) ikki nafar xodimi noqonuniy harakatlari uchun qo‘lga olindi. Tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari tomonidan o‘tkazilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Mirzaobod tuman bo‘limida ishlovchi davlat ijrochilaridan biri 2021-yil dekabr oyidagi sud qaroriga asosan qarzdordan 30 mln so‘m undirish bo‘yicha ish yuritgan. Ushbu mablag‘ undiruvchi fuqaro foydasiga to‘lanishi kerak bo‘lgan.

Biroq davlat ijrochilari shaxsiy manfaatni ko‘zlab, qarzdor fuqarodan ijro ishini tugatish evaziga 20 mln so‘m olgan. Shundan so‘ng ular undiruvchi fuqaroga qarzdor og‘ir ahvolda ekanini bahona qilib, atigi 14 mln so‘mni topshirgan va undan 30 mln so‘mni olgani hamda da’vosi yo‘qligi haqida tilxat yozdirib olgan.

Keyinchalik qolgan 6 mln so‘m mablag‘ni o‘zaro taqsimlab olayotgan vaqtida, tuman prokuraturasi binosi oldida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qarshida hokim yordamchisi pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek