
Xitoyda Geely Starshine 8 modelining yangilangan talqini oldindan sotuvga chiqarildi. Uning boshlang‘ich narxi 142,8 ming yuan, ya’ni taxminan $20,7 mingni tashkil etadi.
Model LiDAR asosidagi haydovchiga yordam tizimi, faol osma va 300 kVtgacha quvvatga ega gibrid tizim bilan jihozlangan. Eng muhim yangiliklardan biri elektr rejimida 225 km.gacha yurish imkoniyati hisoblanadi.
Sotuvlar pasayishi fonida tezkor yangilanish
Mazkur model ilk bor 2025-yil may oyida Xitoy bozoriga chiqarilgan edi. O‘sha paytda u 125,8 ming yuandan 165,8 ming yuangacha narxda yetti xil komplektatsiyada taklif qilingan. 2025-yil davomida 80 mingdan ortiq avtomobillar sotilgan va oktabr oyida rekord 10 mingdan ziyod dona realizatsiya qilingan.

Biroq 2026-yil boshida sotuvlar keskin pasayib, fevral oyida atigi 3 ming dona atrofida bo‘lgan. Shu sababli ishlab chiqaruvchi modelni tezkor yangilab, bozordagi qiziqishni qayta oshirishga harakat qilmoqda.
Dizayn va tashqi ko‘rinish
Yangilangan Geely Starshine 8 tashqi dizaynini saqlab qolgan. Model aerodinamik kuzov, egilgan kapot chizig‘i va yashirin eshik tutqichlari bilan ajralib turadi. Ikki qavatli optika va zamonaviy siluet unga premium ko‘rinish beradi.
Asosiy yangilik ranglar palitrasida. «Sunny Gold» va «Danxia Mine» nomli yangi ranglar qo‘shilgan. Ikkinchi rang Xitoydagi qizg‘ish tog‘ jinslari bilan mashhur hudud nomidan olingan.

Texnologiyalar va avtopilot tizimi
Model tom qismida joylashgan LiDAR sensori bilan jihozlangan. U Geely tomonidan ishlab chiqilgan G-Pilot H5 tizimining bir qismi hisoblanadi. Ushbu tizim shahar va magistral yo‘llarda yarim avtonom boshqaruv imkonini beradi.
Avtomobil 3 ta radar, 11 ta kamera va 12 ta ultratovush sensor bilan jihozlangan. Ular Nvidia Drive Orin chipi orqali boshqariladi. Tizim xaritasiz avtomatik parkovka va yo‘nalish bo‘yicha avtonom harakatni qo‘llab-quvvatlaydi.
Salon va multimedia

Sedan ichki qismi zamonaviy texnologiyalar bilan boyitilgan. Markazda katta sensor ekran va raqamli panel joylashgan. Tizim Flyme Auto 2 operatsion platformasida ishlaydi.
U sun’iy intellekt yordamidagi ovozli boshqaruv, ikki oynali interfeys va smartfonlarning 90 foizi bilan moslikni taklif qiladi. Shuningdek, head-up display va 23 ta karnayli audio tizim mavjud.
Dvigatel va texnik ko‘rsatkichlar
Yangilangan model ikki xil gibrid tizim bilan taqdim etiladi. Bazaviy versiya 1,5 litrli atmosfera dvigatel va elektromotordan iborat bo‘lib, 257 kVt quvvat beradi. Yonilg‘i sarfi 100 km.ga 3,32 litrni tashkil qiladi.

Kuchliroq versiyada yangi EM-P tizimi qo‘llanilgan. Unda turbo dvigatel va elektromotor birgalikda 300 kVt quvvat ishlab chiqaradi. 0 dan 100 km/soatgacha tezlanish 6,35 soniya. Yonilg‘i sarfi 3,41 litr.
Batareya va yurish zaxirasi
Model yangi 28,3 kWh batareya bilan jihozlangan. Bu esa elektr rejimida 225 km.gacha yurish imkonini beradi. Avvalgi modelda bu ko‘rsatkich 60 – 130 km edi.
Tezkor zaryadlash 30 foizdan 80 foizgacha atigi 15 daqiqada amalga oshadi. Umumiy yurish zaxirasi esa 1 725 km.ga yetadi.
Narx:
| Model | Narx (yuan) | Narx ($) |
|---|---|---|
| Starshine 8 Long Range Voyager | 142 900 | $20,7 ming |
| Starshine 8 Long Range Ocean | 151 800 | $22,1 ming |
| Starshine 8 Long Range Milky Way | 161 800 | $23,5 ming |
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Galaxy Starshine 7 PHEV sedanini taqdim etilgani haqida yozgan edi.