Avto

900 km masofaga yuruvchi arzon gibrid krossover Yevropa bozoriga chiqdi

Leapmotor B10 krossoveri
Foto: Leapmotor

Leapmotor kompaniyasi Yevropa bozorida yangi Leapmotor B10 gibrid krossoverini taqdim etdi. Modelning boshlang‘ich narxi $32 mingdan boshlanadi, deya xabar berdi Tarantas News nashri.

Yangi avtomobil 18,8 kVt·soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan bo‘lib, sof elektr rejimida 86 km.gacha yo‘l bosishi mumkin. Shuningdek, 1,5 litrli benzin generatori va 50 litrli yonilg‘i baki mavjud. Shu kombinatsiya hisobiga umumiy yurish zaxirasi 900 km.ga yetadi.

Krossover ketma-ket gibrid tizim asosida ishlaydi: g‘ildiraklarni faqat elektr dvigatel harakatga keltiradi, ichki yonuv dvigateli esa batareyani zaryadlash uchun xizmat qiladi. Modelda EV+, EV, Fuel va Power+ kabi to‘rtta harakat rejimi mavjud.

Texnik jihatdan avtomobil uzunligi 4530 mm, g‘ildirak bazasi esa 2735 mm.ni tashkil etadi. Salonida 14,6 dyuymli displey o‘rnatilgan bo‘lib, u LEAP OS 4.0 Plus tizimida ishlaydi va Qualcomm 8155 chipi bilan jihozlangan. Tizim yangilanishlari orqali Apple CarPlay va Android Auto qo‘llab-quvvatlovi ham qo‘shilgan.

Xavfsizlik masalasida ham model yetarlicha boy: 7 ta xavfsizlik yostig‘i va 17 ta haydovchiga yordam tizimlari, jumladan, adaptiv kruiz-nazorat va yo‘lakda ushlab turish funksiyalari mavjud.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan BMW i3 yangi elektromobili taqdim etildi: 463 ot kuchi va 900 km masofa imkoniyati haqida yozgandi.