AES, Yaqin Sharq va INNOPROM — Mirziyoyev Putin bilan qanday masalalarni muhokama qildi

eʼlon qilindi
Suhbat davomida hukumatlararo qo‘shma komissiya faoliyati yuqori baholangan.
AES, Yaqin Sharq va INNOPROM — Mirziyoyev Putin bilan qanday masalalarni muhokama qildi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 24-mart kuni Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda har ikki davlat rahbarining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Suhbat davomida Rossiya yetakchisi O‘zbekiston prezidenti va mamlakat xalqini Navro‘z bayrami bilan samimiy tabriklagan. Tomonlar qator yirik qo‘shma loyihalarni muhokama qildi. Ular orasida atom energetikasi, sanoat ishlab chiqarishi va transport sohalari bor.

Xususan, O‘zbekistonda Rossiya loyihasi asosidagi AES qurilishida beton ishlari boshlanganiga e’tibor qaratilgan. Shuningdek, 16-mart kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida uchinchi mis boyitish fabrikasi ishga tushirilgani qayd etildi. Xalqaro masalalar ham muhokama qilindi. Jumladan, Yaqin Sharqdagi vaziyat va Ukraina atrofidagi holat yuzasidan fikr almashildi.

Suhbat davomida hukumatlararo qo‘shma komissiya faoliyati yuqori baholangan. Shuningdek, «INNOPROM Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasini aprel oyida Toshkentda o‘tkazishga tayyorgarlik muhokama qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri prezident O‘zbekiston xalqini Navro‘z bayrami bilan tabriklagani haqida yozgan edi.

Shuningdek