Yangiliklar

Andijon va Qashqadaryoda noqonuniy dori savdosi fosh etildi

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Andijon va Qashqadaryoda noqonuniy dori savdosi fosh etildi
Foto: Departament

Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.

Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro qo‘lga olindi. U «Tropikamid» va «Regapen» dorilarini 460 ming so‘mga sotayotgan vaqtda ushlangan. Tadbir davomida unga dori yetkazib beruvchi shaxs ham aniqlangan. U muqaddam sudlangan bo‘lib, Andijon shahridagi uyida dorilarni saqlagan.

Dori yetkazib beruvchi shaxsdan 362 dona «Tropikamid» va 1 035 dona «Regapen» dorisi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida esa yana bir holat fosh etildi. Fuqaro 550 dona «Benzonal» dorisini 1,6 mln so‘mga sotayotganida ushlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qarshida hokim yordamchisi pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.