Avto

Avtogigantlar elektromobillarga o‘tishni sekinlashtirmoqda

Rolls-Royce elektromobillarga to‘liq o‘tish muddatini ortga surdi
elektromobillar
Foto: Avtoelon

Yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilar elektromobillarga o‘tish sur’atlarini qayta ko‘rib chiqmoqda. Financial Times xabariga ko‘ra, kamida 12 ta global kompaniya ilgari belgilangan rejalarni sekinlashtirish yoki o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.

So‘nggi bir yil ichida strategiyalardagi bu burilish avtomobil sanoatiga taxminan $75 milliard zarar keltirgani aytilmoqda. Bunga sabab sifatida esa ichki yonuv dvigatelli avtomobillarga talabning kutilganidan yuqori darajada saqlanib qolayotgani ko‘rsatilmoqda.

Masalan, Rolls-Royce elektromobillarga to‘liq o‘tish muddatini ortga surib, 2030-yildan keyin ham an’anaviy dvigatelli modellardan voz kechmasligini bildirdi. Shu kabi qarorlarni Mercedes-Benz, Ford, Stellantis, Volvo va Honda ham qabul qilgan.

Ayniqsa, Honda Shimoliy Amerikada yangi elektr modellari ishlab chiqarilishini vaqtincha to‘xtatib, hatto 2040-yilgacha ichki yonuv dvigatellaridan voz kechish rejasini ham qayta ko‘rib chiqdi. Bu o‘zgarishlar kompaniyaga yaqin yillarda milliardlab zarar keltirishi kutilmoqda.

Stellantis esa allaqachon o‘nlab milliard dollarlik yo‘qotishlarni ma’lum qilib, energetik transformatsiya sur’atlari ortiqcha baholanganini tan oldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoyda elektromobillar uchun mobil powerbank’lar ommalashayotgani haqida yozgandi.