
Migratsiya agentligi hamda Yaponiyaning «Proud Partners» kompaniyasi hamkorligida tashkil etilayotgan loyiha doirasida yuk yetkazib beruvchi haydovchilar uchun 200 ta ish o‘rni ajratildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur dasturda ishtirok etish uchun asosiy talablardan biri — 2026-yil aprel oyidan boshlab Toshkent viloyatining Angren shahrida tashkil etiladigan 8 oylik bepul o‘quv kurslarida qatnashishga tayyor bo‘lishdir. Tinglovchilar kurs davomida bepul yotoqxona bilan ta’minlanadi.
Tanlov 2026-yil 30-martdan 3-aprelga qadar onlayn suhbat shaklida o‘tkaziladi va uni «Proud Partners» kompaniyasi amalga oshiradi. Nomzodlar 21 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lishi, shuningdek BC toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi talab etiladi. Bunda C toifa olinganiga kamida 3 yil bo‘lgan bo‘lishi lozim. Shuningdek, nomzodlar maxsus «Rozilik xati» shartlariga rozilik bildirishi zarur. Yapon tilini biladiganlarga ustunlik beriladi.
Ish haqi oyiga $1,2 mingdan $2 minggacha etib belgilangan bo‘lib, qo‘shimcha ishlangan soatlar uchun qo‘shimcha daromad olish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, ish unumdorligiga qarab yiliga ikki marotaba moddiy rag‘batlantirish beriladi. Ish jadvali smenali bo‘lib, aniq tartib ish beruvchi kompaniyaga qarab belgilanadi.
Xodimlar turar joy bilan ta’minlanadi, biroq uning xarajatlari (o‘rtacha $200) ish haqidan ushlab qolinadi. Aviabilet xarajatlari qoplanadi, ishchi viza rasmiylashtiriladi va uning xarajatlari kompensatsiya qilinadi. Shuningdek, xodimlar tibbiy va ijtimoiy sug‘urta bilan ta’minlanadi. Ovqatlanish xarajatlari esa xodim hisobidan qoplanadi.
Dasturda ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlar Migratsiya agentligining «Xorijda ish» platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Talablarga mos kelgan nomzodlar bilan agentlik xodimlari bog‘lanadi hamda ularga SMS xabarnoma yuboriladi.
Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun 1282 qisqa raqami yoki (71) 202-33-55 telefon raqamining ichki 505 raqamiga murojaat qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklar uchun AQShda mavsumiy ish ochilishi haqida yozgan edik.