Forishdagi AES qurilishida dastlabki betonlash ishlari boshlandi

Forish tumanidagi AES qurilishi doirasida strategik hamkorlik hujjatlari imzolandi va dastlabki beton ishlari boshlandi. Bu haqda Atom energiyasi agentligi ma’lum qildi.
2026-yil 24-mart kuni Toshkent shahrida va Jizzax viloyati Forish tumanidagi AES qurilish maydonchasid Atom energiyasini rivojlantirish agentligi — «O‘zatom» va Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi o‘rtasida atom va unga yondosh sohalardagi hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolandi. Hujjatlarni «O‘zatom» direktori Azim Axmedxadjayev va «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachyov imzoladilar.
Yo‘l xaritasi AES qurilishi bosqichlari, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, atom energetikasini jamoatchilik tomonidan qabul qilinishini ta’minlash va bo‘lajak atomchilar shaharchasi infratuzilmasini yaratishni o‘z ichiga oladi.
Forish tumanidagi AES qurilish maydonchasida RITM-200N reaktoriga ega kam quvvatli energoblokning dastlabki beton ishlari boshlandi. Tadbirni «AES qurilishi direksiyasi» direktori Abdijamil Kalmuratov va «Atomstroyeksport» AJ vitse-prezidenti Pavel Bezrukov ochib berdilar. Hozirda reaktor binosi ostiga beton asos tayyorlanmoqda; 2026-yil aprel oyida yakunlanishi rejalashtirilgan. Jami 900 m³ beton yotqiziladi va poydevor gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimi bilan jihozlanadi.
Stansiyaning yangilangan konfiguratsiyasini tasdiqlovchi kontraktga VVER-1000 reaktorlariga ega ikkita katta quvvatli energoblok va RITM-200N reaktorlariga ega ikkita kichik quvvatli energoblok kiradi. Stansiya to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga taxminan 15,4 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu O‘zbekistondagi umumiy iste’molning 15 foizidan ortig‘ini tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya kompaniyasi O‘zbekistonda AES qurish loyihalarida ishtirok etishi haqida yozgan edik.


