Kolumbiyada harbiy samolyot qulashi oqibatida 66 kishi halok bo‘ldi

23-mart kuni Kolumbiyaning Peru bilan chegaradosh Puerto-Legizamo hududida harbiy transport samolyoti parvoz vaqtida halokatga uchradi. Oqibatda 66 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Kolumbiya Qurolli kuchlari rahbari Ugo Alexandro Lopesning ma’lum qilishicha, Lockheed Martin tomonidan ishlab chiqarilgan Hercules C-130 samolyoti bortida jami 128 kishi bo‘lgan. Ularning 11 nafari harbiy havo kuchlari a’zosi, 115 nafari armiya xizmatchisi va 2 nafari milliy politsiya xodimi ekani tasdiqlandi.
Hozirgi vaqtda 57 nafar tirik qolgan yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, ulardan 30 nafarining ahvoli barqaror deb baholanmoqda. Mudofaa vaziri Pedro Sanchesning so‘zlariga ko‘ra, halokat samolyot uchish yo‘lagidan ko‘tarilayotganda yuz bergan.
O‘t o‘chiruvchi Eduardo San Xuan Kelyexas samolyot qanoti daraxtga urilganini, shundan so‘ng yong‘in kelib chiqib, bortdagi portlovchi moddalar detonatsiya bo‘lganini ta’kidladi. Voqea joyiga birinchi bo‘lib yetib kelgan mahalliy aholi jabrlanganlarni mototsikllarda tez tibbiy yordam punktlariga yetkazgan.
Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro harbiylarni modernizatsiya qilish jarayonidagi byurokratik to‘siqlarni keskin tanqid qildi.
«Men boshqa kechikishlarga yo‘l qo‘ymayman, yoshlarimizning hayoti xavf ostida. Agar ma’muriy yoki harbiy amaldorlar bu vazifani uddalay olmasa, ularni ishdan bo‘shatish kerak», — dedi prezident o‘z bayonotida.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Turkish Airlines’ga tegishli samolyot Samarqandda favqulodda qo‘ngani haqida xabar bergan edi.