
OnlyFans platformasining asosiy egasi, Ukrainada tug‘ilgan amerikalik milliarder Leonid Radvinskiy saraton kasalligi oqibatida 43 yoshida olamdan o‘tdi. Tadbirkor uzoq vaqt davomida og‘ir xastalik bilan kurashib kelgan.

Radvinskiy 2018-yilda, asosan, kattalar uchun mo‘ljallangan kontentlari bilan tanilgan OnlyFans platformasining nazorat paketini sotib olgan edi. U foydalanuvchilarga to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lov qilish imkonini berish orqali tarmoqni yirik biznesga aylantirdi. Hozirda kompaniya obunalarning va sotilgan kontentlarning aksariyat qismidan 20 foizlik komissiya undiradi.
Ma’lumot uchun, 2024-yilda uning daromadi $1,4 mlrdni tashkil qilgan. Milliarder 2021-yildan beri platformadan taxminan $1,8 mlrd dividend olgan. Forbes jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, uning jami boyligi $4,7 mlrdga yetgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan aktyor Chak Norris 86 yoshda vafot etgani haqida xabar bergan edi.