Yangiliklar

O‘zbekiston ko‘chib yuruvchi turlarni muhofaza qilishda e’tirof etildi

O‘zbekiston Konvensiyaning amaldagi raisligini Braziliyaga topshirdi
O‘zbekiston ko‘chib yuruvchi turlarni muhofaza qilishda e’tirof etildi / Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo’mitasi

O‘zbekiston hukumatiga «Migratory Species Champion Plus» («Ko‘chib yuruvchi turlarni asrash bo‘yicha chempion plus») maqomi berildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo’mitasi ma’lum qildi.

2026-yil 23-mart kuni qo‘mita delegatsiyasi Braziliyaning Kampo-Grande shahrida bo‘lib o‘tgan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiya tomonlarining 15-konferensiyasi (CMS COP15) ochilish marosimida ishtirok etdi. Tadbirda davlatlar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar ko‘chib yuruvchi turlarni muhofaza qilish masalalarini muhokama qildi va global hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha birlashdilar.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Konvensiyaning amaldagi raisligi doirasida so‘zga chiqib, raislikni rasman Braziliya Federativ Respublikasiga topshirdi. Yalpi majlis davomida O‘zbekiston delegatsiyasi 2024–2026-yillar davridagi raisligi natijalari bo‘yicha hisobot taqdim etdi. Hujjatda mamlakatning ko‘chib yuruvchi turlarni muhofaza qilish va yovvoyi hayvonlarni noqonuniy ovlashga qarshi kurashga qo‘shgan hissasi aks etgan.

Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo’mitasi

Ma’lumot uchun, 2024-yil fevral oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan CMS COP14 konferensiyasidan so‘ng O‘zbekiston raislikni o‘z zimmasiga olgan edi.

Xalqaro hamjamiyat tomonidan O‘zbekiston hukumatiga «Migratory Species Champion Plus» («Ko‘chib yuruvchi turlarni asrash bo‘yicha chempion plus») maqomi berildi. Ushbu maqom 2026–2028-yillarda ko‘chib yuruvchi turlarni noqonuniy olib ketishga qarshi huquqiy mexanizmlarni mustahkamlash va global harakatlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar taqdimoti bilan tanishgan edi.