
Samsung yangi flagmanlari — Samsung Galaxy S26, S26 Plus va S26 Ultra uchun muhim yangilikni e’lon qildi. Endilikda ushbu smartfonlar AirDrop orqali Apple qurilmalari bilan fayl almasha oladi. Bu haqda iPhones.ru nashri xabar berdi.
Yangi imkoniyat Quick Share funksiyasi orqali ishlaydi. Shu orqali Samsung foydalanuvchilari iPhone, iPad va Mac qurilmalari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri fayl yuborish va qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Biroq bu funksiya sukut bo‘yicha o‘chirilgan holda keladi. Uni yoqish uchun foydalanuvchilar Quick Share sozlamalariga kirib, AirDrop bilan ishlash opsiyasini faollashtirishi kerak bo‘ladi.
Yangilik 23-martdan boshlab dastlab Janubiy Koreyada ishga tushirildi. Keyinchalik esa bosqichma-bosqich boshqa mamlakatlardagi foydalanuvchilarga ham yetib boradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy A37 va A57 smartfonlarining narxi e’lon qilingani haqida yozgandi.