Yangiliklar

Ming dollar evaziga harbiy xizmatga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan shaxs ushlandi

U hech qachon davlat idoralarida ishlamagani aniqlangan
Surxondaryoda o‘zini Prokuraturaga aloqador deb tanishtirgan firibgar ushlandi
Foto: Bosh Prokuratura

Surxondaryo viloyatida o‘zini prokuraturaga aloqador deb tanishtirib, harbiy xizmatga joylashtirishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro X.I. o‘zini go‘yoki Departamentda ishlagan deb tanishtirgan. U DXX Chegara qo‘shinlaridagi mansabdorlar bilan aloqasi borligini aytgan. Shu yo‘l bilan u fuqaro M.Q.ni shartnoma asosida harbiy xizmatga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan. Evaziga esa $1 ming talab qilgan.

Foto: Bosh prokuratura

21-mart kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda X.I. 12,2 mln so‘mni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi va 28, 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tekshiruv davomida aniqlanishicha, X.I. hech qachon davlat idoralarida ishlamagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Afg‘onistondan kartoshka orasiga yashirib olib kirilgan 72 kg narkotik fosh etilgani haqida yozgan edi.