Toshkent–Andijon yo‘nalishidagi ba’zi poyezdlar qatnovi to‘xtatildi

Toshkent va Andijon yo‘nalishidagi ba’zi yo‘lovchi poyezdlari texnik sabablarga ko‘ra vaqtincha qatnovini to‘xtatdi. Bu haqda «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ ma’lum qildi.
Joriy yilning 29-mart kuni 734-sonli «Toshkent — Andijon» yo‘lovchi poyezdi harakati bekor qilinadi. Shuningdek, 30-mart kuni 733-sonli «Andijon — Toshkent», 730/729-sonli «Toshkent — Andijon — Toshkent», 92-sonli «Toshkent — Andijon» hamda 94-sonli «Toshkent — Andijon» yo‘nalishlaridagi poyezdlar qatnovi ham amalga oshmaydi.
Biroq, ayrim yo‘nalishlardagi poyezdlar belgilangan tartibda harakatlanadi. 29-mart kuni 126/125-sonli «Xiva — Andijon» poyezdi Xiva bekatidan Toshkent Janubiy bekatigacha amaldagi jadval bo‘yicha qatnovni davom ettiradi.
30 va 31-mart kunlari 125/126-sonli «Andijon — Xiva» poyezdi Toshkent Janubiy bekatidan Xiva bekatigacha belgilangan jadval asosida harakat qiladi. Shu bilan birga, 30-mart kuni 129/130-sonli «Andijon — Termiz» poyezdi Toshkent Janubiy bekatidan Termiz bekatigacha amaldagi jadval bo‘yicha qatnovini davom ettiradi.
Yo‘lovchilarga yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raladi. Xarid qilingan temiryo‘l chiptalari uchun to‘langan mablag‘lar esa to‘liq qaytarib beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent — Xiva yo‘nalishida tezyurar poyezd 2-maydan ishga tushirilishi haqida yozgan edik.