
Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan yangi ekologik loyihalar doirasida Toshkent va unga tutash hududlarda issiqxona faoliyatini tartibga solish bo‘yicha muhim o‘zgarishlar rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabrdan boshlab poytaxt va uning atrofida yangi issiqxona tashkil etish cheklanadi. Bu tashabbus hududda havoning ifloslanish darajasi yuqori bo‘lib qolayotgani bilan izohlanmoqda.
Ma’lumot uchun, issiqxonalarning bir qismi isitish uchun ko‘mir, mazut va boshqa nostandart yoqilg‘ilardan foydalanadi. Natijada atmosfera havosiga zararli moddalar — azot va oltingugurt oksidlari hamda mayda chang zarrachalari chiqarilib, bu umumiy ekologik vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, Toshkent hududida quyosh nurlanishi darajasi boshqa viloyatlarga nisbatan pastligi sabab issiqxona xo‘jaliklarini yuritish iqtisodiy jihatdan ham kam samarali ekani qayd etilgan.
Shu bois issiqxonalarni bosqichma-bosqich iqlimi qulay hududlarga ko‘chirish rejalashtirilmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida yirik agropark tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bu hududda quyosh nuri ko‘p, qish yumshoq bo‘lib, energiya sarfi kamroq bo‘ladi va mahsulot tannarxi arzonlashadi.
Ko‘chirilayotgan tadbirkorlik subyektlariga infratuzilma, kredit va logistika yo‘nalishlarida qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish ham rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, «Yashil makon» dasturi doirasida mamlakat bo‘ylab yangi botanika va dendrologiya bog‘lari tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Rejalarga ko‘ra, 2030-yilgacha yashil hududlar ulushi sezilarli darajada oshirilib, havo sifatini yaxshilashga erishish maqsad qilingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2030-yilgacha havo ifloslanishi keskin kamaytirilishi haqida yozgandi.