
Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda atmosfera havosining sifatini yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirish, ekologik madaniyatni oshirish hamda cho‘llanishga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilindi. Asosiy e’tibor esa «Toza havo» loyihasiga qaratildi.
Qayd etilishicha, ayni paytda Toshkent shahrida havo ifloslanishi ba’zi kunlarda me’yorlardan oshib ketmoqda. Shunga o‘xshash holatlar Navoiy, Farg‘ona, Chirchiq va Termiz shaharlarida ham kuzatilmoqda. Bunga sanoatning kengayishi, transport vositalari sonining ortishi va yoqilg‘idan foydalanish darajasining yuqoriligi sabab bo‘layotgani ta’kidlandi.
Rejalarga ko‘ra, 2030-yilgacha:
- atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalar hajmi kamaytiriladi,
- sanoat chiqindilarini ushlab qolish darajasi oshiriladi,
- transportdan chiqadigan zararli gazlar qisqartiriladi,
- PM2,5 ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan kunlar soni kamaytiriladi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil boshidan boshlab ko‘rilgan choralar natijasida Toshkentda havo sifati biroz yaxshilangan — PM2,5 darajasi o‘tgan yilga nisbatan pasaygan.
Kelgusida har bir hudud uchun alohida ekologik dasturlar ishlab chiqilib, yagona monitoring tizimi joriy etiladi. Sanoat korxonalarida avtomatik nazorat uskunalari o‘rnatilib, ularning ma’lumotlari umumiy geoaxborot tizimiga ulanadi.
Shuningdek, muqobil energiyadan foydalanayotgan korxonalarga soliq imtiyozlari berilishi, ekologik talablarni buzganlarga esa jarimalar keskin oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda «yashil» energiya ishlab chiqarish 43 foizga oshgani haqida yozgandi.