
O‘zbekistonda davlat raqam belgilarini tanlash va xarid qilish jarayonini raqamlashtirish maqsadida yangi «AvtoRaqam» mobil ilovasi ishga tushirildi. Bu haqda YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshov ma’lum qildi.
Mazkur ilova orqali foydalanuvchilar chiroyli kombinatsiyaga ega davlat raqam belgilarini tanlab, xarid qilishi mumkin. Oddiy davlat raqam belgilarini esa «Random» tizimi orqali tasodifiy tanlash yo‘li bilan olish imkoniyati saqlanib qolgan.
Tizimda har ikki holatda ham inson omili maksimal darajada cheklangan bo‘lib, barcha raqamlar elektron dasturlar orqali taqdim etiladi. Bu esa jarayonning shaffofligi va adolatli tashkil etilishini ta’minlaydi.
«AvtoRaqam» ilovasidan jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham foydalanishi mumkin. Foydalanuvchilar real vaqt rejimida mavjud raqam kombinatsiyalari va ularning narxini tekshirishi mumkin.
Shuningdek, barcha bosqichlar ilova ichidagi shaxsiy kabinet orqali kuzatib boriladi, bu esa foydalanuvchilarga jarayon ustidan to‘liq nazorat qilish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi endi mobil ilova orqali elektron tarzda topshirilishi haqida xabar bergan edik.