
Yangi Toshkentda maydoni 32 gektar bo‘lgan «Buyuk Ipak yo‘li» majmuasini barpo etish loyihasi taqdim qilindi. Shavkat Mirziyoyev mazkur taqdimot bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, Yangi Toshkentni barpo etishning birinchi bosqichida 6 ming gektar hududda qurilish ishlari olib borilishi rejalashtirilgan. Ushbu bosqich yakunida 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratiladi. Loyiha to‘liq amalga oshirilgach esa shahar 2 mln aholi istiqomat qiladigan zamonaviy megapolisga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Taqdim etilgan loyihalar orasida maydoni 32 gektar bo‘lgan «Buyuk Ipak yo‘li» majmuasi alohida o‘rin egallaydi. U Yangi Toshkentning muhim jamoat va madaniy makonlaridan biri sifatida shakllantiriladi. Majmua hududida turarjoylar, tijorat binolari, mehmonxonalar, madaniyat va ta’lim markazlari hamda boshqa zamonaviy infratuzilma obyektlari qurilishi rejalashtirilgan.

Konsepsiyaga ko‘ra, hududda Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘liq turli sivilizatsiyalarga bag‘ishlangan mavzuli mahallalar tashkil etiladi. Har bir hudud ushbu tarixiy yo‘l bo‘ylab joylashgan mamlakatlarni ifodalaydi. Taqdimotda O‘zbekiston mahallasiga alohida e’tibor qaratilib, unda xalqimizning boy tarixi, madaniyati va qadriyatlarini har bir bino va jamoat makonida aks ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, mamlakatning tarixiy merosini keng namoyon etish va turizm salohiyatini oshirish maqsadida qator muzeylarni renovatsiya qilish rejalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, Imom Moturidiy ziyoratgohi hududida muzey tashkil etish, unda allomaning hayoti va moturidiylik ta’limotiga bag‘ishlangan tematik zallarni joylashtirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Bahouddin Naqshband majmuasi tarkibidagi ilmiy-innovatsion muzey faoliyatini boyitish, xususan, «Yetti pir» zalida allomalar merosini zamonaviy usulda keng yoritish bo‘yicha takliflar bildirildi. Shuningdek, Temuriylar tarixi davlat muzeyini zamonaviy muzeyshunoslik va dizayn yechimlari asosida yangilash, ekspozitsiya zallarini qayta shakllantirish rejalari ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi Toshkentda yirik musiqali favvora majmuasi barpo etilishi haqida yozgan edik.