Yangiliklar

75 ming dollar evaziga xorijda ishga yuborishni va’da qilgan firibgar ushlandi

Holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
75 ming dollar evaziga xorijda ishga yuborishni va’da qilgan firibgar ushlandi / Foto: Bosh prokuratura departamenti

Toshkent shahri va Navoiy viloyatida xorijiy davlatlarga ishga yuborish nomi ostida amalga oshirilgan firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, poytaxtning Sergeli tumani bo‘limi xodimlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro boshqa fuqarodan AQSh davlatiga borishi uchun «Biznes» vizasini rasmiylashtirib berish evaziga $75 ming olgan vaqtida ashyo dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, Xatirchi tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda MChJ rahbari boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, uni Bolgariya davlatiga ishga yuborishini va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan $3 ming olgan vaqtida ashyo dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28 va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryoda 2 nafar MIB xodimi pora bilan ushlangan edi.