Amerika kompaniyasi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

Amerikaning John Deere kompaniyasi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va kompaniya vitse-prezidenti Piter Saks uchrashuvida ma’lum qilingan.
Uchrashuvda milliy agrosanoat majmuasini modernizatsiya qilish hamda qishloq xo‘jaligiga innovatsion yechimlarni joriy etish istiqbollari atroflicha muhokama qilingan. Shuningdek, asosiy e‘tibor texnikalar yetkazib berish, servis infratuzilmasini rivojlantirish va ilg‘or raqamli texnologiyalarni integratsiya qilish masalalariga qaratilgan.

Ma’lumot uchun, John Deere (Deere & Company) 1837-yilda tashkil etilgan global korporatsiya bo‘lib, qishloq xo‘jaligi, qurilish va o‘rmon xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarishda dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. U dunyoning 170 dan ortiq mamlakatlarida keng distribyutorlik tarmog‘i hamda o‘zining ilmiy-ishlab chiqarish markazlariga tayanib faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» nashri o‘zbekistonliklar uchun AQShda mavsumiy ish ochilishi haqida yozgan edi.