Yangiliklar

Amudaryo orqali narkotik modda olib o‘tishga uringan shaxs qo‘lga olindi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Amudaryo orqali narkotik modda olib o‘tishga uringan shaxs qo‘lga olindi / Foto: DXX

Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari Afg‘onistondan mamlakatimizga kontrabanda qilingan katta miqdordagi narkotik moddalarni to‘xtatib qoldi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Afg‘onistonning Qunduz viloyatida yashovchi, 1974-yilda tug‘ilgan shaxs davlat chegarasini buzgan holda Amudaryo orqali qayiqda O‘zbekiston hududiga o‘tishga uringanida qo‘lga olindi. Uning yonida olib o‘tilgan 2 ta qopda jami 10 dona o‘ramda, sof og‘irligi 10 kg 354 gramm bo‘lgan «gashish» giyohvandlik vositasi topildi. Hodisa rasmiy ravishda protsessual tartibda qayd etildi.

Hozirda DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Shuningdek, tergov harakatlari doirasida ushbu jinoyatga aloqador bo‘lgan shaxslarni aniqlash va tegishli choralarni ko‘rish ishlari amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX Toshkent va Parkentda sifati kafolatlanmagan dori vositalari savdosi fosh etgan edi.