Yangiliklar

Ayrim gaz zaxiralarini o‘zlashtirishda yangi yondashuvdan foydalaniladi

Bu borada xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda
Ayrim gaz zaxiralarini o‘zlashtirishda yangi yondashuvdan foydalaniladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyevga neft-gaz tarmog‘ida qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirish va yangi zaxiralarni o‘zlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan hisobot taqdim etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

«O‘zbekneftgaz» tizimida tabiiy gaz qazib chiqarishning joriy dinamikasi, mavjud pasayish omillari va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar haqida axborot berildi. Hisobotda qayd etilishicha, yilning birinchi choragida yangi quduqlar ishga tushirilib, mavjudlari ta’mirlangan va texnologik tadbirlar amalga oshirilgan, natijada qo‘shimcha hajmlar ta’minlangan. Yil davomida bu ishlar yanada kengaytirilishi rejalashtirilgan.

Quduqlar samaradorligini oshirish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish muhimligi ta’kidlandi. Hozirda istiqbolli maydonlar aniqlanib, 2D va 3D seysmik tadqiqotlar olib borilmoqda. Burg‘ilash va dala ishlari ustidan xalqaro standartlar asosida nazoratni kuchaytirish maqsadida supervayzing tizimi yo‘lga qo‘yilgan, geologik-gidrodinamik modellashtirish va qazib chiqarish dasturlari puxta shakllantirilmoqda.

Shuningdek, gaz qazib olish koeffitsiyentini oshirish, qiyin o‘zlashtiriladigan zaxiralarga yangi yondashuvlarni tatbiq etish hamda 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan dasturlarning iqtisodiy samaradorligini baholash masalalari muhokama qilindi. Bu borada xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlar olib borilayotgani qayd etildi.

Davlat rahbari tarmoqda ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish, geologiya-qidiruv va burg‘ilash ishlarini tizimli tashkil etish, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan amaliy natija beradigan sheriklikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi. Mutasaddilarga belgilangan rejalar ijrosini qat’iy nazorat qilish va har bir yo‘nalishda aniq natijadorlikni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyining ikkinchi yarmida aholi tabiiy gazni arzonlashtirilgan narxda, ya’ni 50 kub metr tabiiy gaz uchun 1 ming so‘mdan oladi.