Yangiliklar

Elektron tijorat platformalaridagi 45 ta kamchilik bartaraf etildi

Uzum Tezkor, BeeMarket va boshqa onlayn do‘konlarning ommaviy oferta shartnomalari qonunchilik talablariga moslashtirildi
Foto: Andrey Popov

O‘zbekistonda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi elektron tijorat bozoridagi ommaviy oferta shartnomalarida aniqlangan 45 ta kamchilikni qonun talablariga muvofiqlashtirdi. Bu haqda qo‘mitaning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tekshiruvlar davomida bir qator platformalar faoliyatida qonunbuzilishlar aniqlangan. Xususan, Uzum Tezkor ommaviy ofertasida 26 ta, BeeMarket shartnomasida esa 18 ta kamchilik qayd etilgan. Shuningdek, Orzon.uz va BROSTORE saytlarida ommaviy oferta shartnomalari umuman mavjud emasligi ma’lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, Seide International kompaniyasining ommaviy ofertalari davlat tilida taqdim etilmaganligi aniqlangan. Umuman olganda, xaridorlarga nuqsonli tovarlarni almashtirib bermaslik yoki pulini qaytarmaslik, yetkazib berish muddatlarini buzish va to‘liq ma’lumot taqdim etmaslik kabi holatlar kuzatilgan. Qo‘mita aralashuvi bilan mazkur elektron savdo do‘konlariga tegishli ko‘rsatmalar berilib, ofertalar amaldagi qonunchilikka to‘liq moslashtirildi.

Shu munosabat bilan rasmiylar fuqarolarga masofadan xarid qilishda ehtiyotkor bo‘lishni tavsiya qilmoqda. Iste’molchilarga ishonchli onlayn do‘konlarni tanlash, xavfsiz to‘lov usullaridan foydalanish va jismoniy shaxslarning kartalariga pul o‘tkazmaslik maslahat bergan. Qo‘mita elektron savdo sohasidagi nazorat ishlarini kelgusida ham davom ettirishini ma’lum qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Uzum tezkor orqali eng ko‘p qaysi taom buyurtma berilgani haqida xabar bergan edi.