
FIFA Jahon chempionati chiptalari narxi sabab Yevropaning Euroconsumers va Football Supporters Europe tashkilotlari Yevrokomissiyaga rasmiy shikoyat yubordi. Bu haqda Politico nashri ma’lum qildi.
Shikoyatga ko‘ra, FIFA Jahon chempionati chiptalari savdosida monopol mavqeyidan foydalanmoqda. Tashkilotlar narxlar sun’iy ravishda oshirilayotgani va muxlislar uchun noqulay shartlar qo‘yilayotganini ta’kidlamoqda.
Unda aytilishicha, chiptalar toifalari va joylashuvi haqida yetarli ma’lumot berilmaydi. Bundan tashqari, o‘zgaruvchan narx tizimi sabab chiptalar vaqt o‘tishi bilan yanada qimmatlashmoqda. Rasmiy ravishda $60 dan boshlanadigan chiptalar amalda juda cheklangan.
Ayrim o‘yinlar, jumladan, final bahslari uchun chiptalar narxi $4 mingdan oshib ketgani qayd etilgan. Qayta sotishda esa qo‘shimcha 15 foizgacha komissiya olinadi. Tashkilotlar FIFA muxlislarni tez qaror qabul qilishga majbur qiluvchi marketing usullaridan foydalanayotganini ham tanqid qilgan.
Masala Yevrokomissiya darajasida ko‘rib chiqilishi mumkin. Agar ayblovlar tasdiqlansa, FIFA’ga narxlarni cheklash va savdoda shaffoflikni oshirish talabi qo‘yilishi mumkin.

Avvalroq JCh 2026 chiptalariga bo‘lgan talab 500 mlndan oshgan edi. Mezbon davlatlar – AQSh, Meksika va Kanadadan tashqari eng ko‘p chipta so‘rovlari Germaniya, Angliya, Braziliya, Ispaniya, Portugaliya, Argentina va Kolumbiya muxlislari tomonidan yuborilgan.
Avvalroq FIFA ayrim chiptalar narxi $8,6 minggacha yetgani sababli tanqidlarga uchragandi. Shundan so‘ng tashkilot har bir o‘yinga $60 lik chiptalar ajratilishini e’lon qildi. Ushbu chiptalar turnirda ishtirok etayotgan 48 milliy federatsiya orqali tarqatiladi va ularni avvalgi o‘yinlarga borgan muxlislar o‘rtasida taqsimlash masalasi federatsiyalarning o‘z ixtiyorida bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston terma jamoasining FIFA kunlari uchun tarkibi e’lon qilingani haqida yozgan edi.