
Honda va Sony kompaniyalari hamkorlikda ishlab chiqilayotgan Afeela elektromobillari loyihasini to‘xtatdi. Bu haqda Motor1 portali ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, qaror Honda’ning elektromobillar strategiyasini qayta ko‘rib chiqishi ortidan qabul qilingan. Kompaniya 12-mart kuni o‘z EV rejalarini yangilagan edi va bu o‘zgarishlar qo‘shma loyiha faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatgan.
Sony Honda Mobility qo‘shma korxonasi bayonotida aytilishicha, yangi strategiya tufayli texnologiyalar va resurslardan foydalanish rejasi tubdan o‘zgargan. Shu sabab Afeela 1 va ikkinchi modelni ishlab chiqish va sotuvga chiqarish to‘liq bekor qilingan.

Avvalroq Afeela 1 modeli 2026-yil oxirida sotuvga chiqishi rejalashtirilgan edi. Uning narxi $102,9 mingdan boshlanishi, arzonroq versiyasi esa 2027-yilda taqdim etilishi kutilgan.
Shunga qaramay, Honda va Sony hamkorlikni to‘xtatmaydi. Tomonlar qo‘shma korxonaning kelajakdagi yo‘nalishini qayta ko‘rib chiqishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Honda uchta elektromobil loyihasini yopgani haqida yozgan edi.