Yangiliklar

Namanganda 150 mln dollarlik “Arashan Resort” turizm majmuasining qurilishi boshlandi

U 600 gektar maydonda quriladi
Namanganda 150 mln dollarlik «Arashan Resort» majumasining qurilishi boshlandi
Foto: viloyat hokimligi matbuot xizmati

Namangan viloyati Pop tumanida «Arashan Resort» majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Aroshan ko‘llari» tizimi atrofida barpo etilayotgan mazkur majmua ana shunday istiqbolli loyihalardan biri hisoblanadi. Loyiha qiymati $150 mlnni tashkil etadi. U 600 gektar maydonda quriladi. Majmua ishga tushgach, kuniga 2,5 ming nafargacha sayyohni qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Yiliga esa 912 ming nafargacha turistga xizmat ko‘rsatiladi. Shuningdek, 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.

Foto: viloyat hokimligi matbuot xizmati

Loyiha doirasida ekologik, tog‘ va ekstremal turizm yo‘nalishlari rivojlantiriladi. Hududda dam olish maskanlari, gastronomik markazlar va sog‘lomlashtirish zonalari tashkil etiladi. Shuningdek, tematik parklar, tog‘-chang‘i komplekslari, zipline, restoran va kafelar, ochiq osmon ostidagi kinoteatr, sport maydonlari va termal basseynlar qurilishi rejalashtirilgan.

Loyiha Yaponiyaning NGEA – Nippon Global Education and Assessment kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bu esa majmuaning xalqaro standartlar asosida barpo etilishini ta’minlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Toshkent hududida «Buyuk Ipak yo‘li» majmuasi qurilishi haqida yozgan edi.