O‘zbekistonda favqulodda holatlar haqida masjidlar orqali xabar beriladi

O‘zbekistonda aholini favqulodda vaziyatlardan ogohlantirish maqsadida masjidlardagi tashqi ovoz kuchaytirgichlardan foydalaniladi. BMT Taraqqiyot dasturi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamkorligida yettita viloyatdagi masjidlarga maxsus uskunalar o‘rnatildi.
Bugungi kunga qadar Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi 272 ta masjid ushbu maxsus uskunalar bilan jihozlandi. Masjidlarning tanlanishiga ularning 500 metrdan 2 ming metrgacha eshitilish radiusiga ega ekanligi hamda mobil aloqa yoki elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelganda ham tezkor xabarlarni uzata olishi sabab qilib ko‘rsatilgan.
Loyiha hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur ogohlantirish kanali orqali taxminan 6,5 mln nafar aholini, jumladan, aholining zaif qatlamlarini tezkor xabardor qilish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, Yashil iqlim jamg‘armasi moliyaviy ko‘magida asosiy avtomobil yo‘llari bo‘ylab va odamlar gavjum joylarda qo‘shimcha 28 ta tashqi keng formatli ekran ham o‘rnatilgan.
Mazkur chora-tadbirlar «O‘zbekiston aholisining iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan xavf-xatarlarga nisbatan chidamliligini oshirishga qaratilgan kompleks erta ogohlantirish tizimini takomillashtirish» qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Asosiy e’tibor tog‘li hududlardagi suv toshqinlari, sellar va ko‘chkilar kabi tabiiy ofatlardan erta ogohlantirish tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident qayta bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilgani haqida xabar bergan edi.