
O‘zbekistonlik 11 yoshli Yasmina Husniddinova ilk bor Britain’s Got Talent sahnasida ishtirok etib, katta muvaffaqiyatga erishdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Angliyaning Blackpool shahrida bo‘lib o‘tgan saralash bosqichida u hakamlar hay’atidan 4 ta «Ha» olib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Bu O‘zbekiston nomidan ushbu nufuzli loyiha sahnasida qayd etilgan muhim tarixiy natija hisoblanadi.
Yasmina sahnada Never Enough qo‘shig‘ining kuchli kaver-versiyasini ijro etib, hakamlarni hayratda qoldirdi. Uning yoshiga qaramay kuchli va ta’sirli ovozi tomoshabinlar e’tiborini tortdi.
Ma’lumot uchun, Yasmina avval ham xalqaro maydonda yutuqlarga erishgan. U Slavyanskiy Bazar Vitebsk festivalida Gran-pri sohibasi bo‘lgan, shuningdek Sanremo Junior tanlovida ham bosh mukofotni qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, u Yoshlar ovozi — Bo‘zatov FEST respublika tanlovining 2024-yilgi g‘olibi hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Oskar – 2026» mukofoti g‘oliblari e’lon qilingani haqida yozgandi.