Gadjetlar

Samsung Galaxy A56 smartfoni qanday kamchiliklarga ega

Galaxy A56 5G displeyi modelning eng kuchli jihatlaridan biri sanaladi
Samsung Galaxy A56 smartfoni qanday kamchiliklarga ega
Foto: Phone Arena

Samsung kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan A seriyaning eng so‘nggi modeli — Samsung Galaxy A56 imkoniyatlari va ishlash tezligi bilan ko‘pchilikni qiziqtirmoqda. «Kursiv» nashrining ushbu maqolasida modelda uchraydigan muammo va kamchiliklar haqida so‘z boradi.

Maqola mundarijasi

Ishlash tezligi va qizish

Galaxy A56 5G’ning asosiy kuch manbai — 4 nm texnologiya asosida yaratilgan Exynos 1580 chipidir. Qurilma turli bozorlarda RAM va ichki xotira variantlari bilan taqdim etiladi. Kundalik foydalanishda smartfon o‘zini yaxshi ko‘rsatadi. Messengerlar, brauzer, video tomosha qilish va navigatsiya kabi vazifalarda tezlik yetarli darajada. Biroq $500 segmentdagi raqobatchilar bilan solishtirilganda, bu daraja ba’zan yetarli emasdek tuyuladi.

Foto: Tech Advisor

Asosiy e’tirozlar o‘yin unumdorligiga qaratilgan. Tech Advisor ma’lumotlariga ko‘ra, Zenless Zone Zero kabi og‘ir o‘yinlarda qurilma grafik sozlamalarni avtomatik pasaytiradi. Dinamik sahnalarda esa kadrlar soni tushib ketishi kuzatiladi. Notebookcheck sinovlari ham shuni tasdiqlaydi. Grafik talab yuqori bo‘lgan o‘yinlarda mayda laglar paydo bo‘ladi, PUBG Mobile’da esa maksimal grafik rejimi mavjud emas.

Qizish masalasi ham e’tibordan chetda emas. Notebookcheck o‘lchovlariga ko‘ra, uzoq davom etgan yuklama vaqtida korpus harorati 49°C gacha yetadi. O‘rtacha ko‘rsatkich esa 45,9°C atrofida. Bu qo‘lda sezilarli issiqlikni anglatadi.

Displey va ergonomika

Galaxy A56 5G displeyi modelning eng kuchli jihatlaridan biri sanaladi. Notebookcheck o‘lchovlariga ko‘ra, to‘liq oq fonda yorqinlik 1 200 nit atrofida. Kichik oq maydonda esa 2 000 nitgacha yetadi. Bu ayniqsa avtomatik yorqinlik yoqilganda ko‘chada yaxshi ko‘rinishni ta’minlaydi.

Foto: Rambler

Biroq qo‘lda boshqaruvda cheklov bor. Manual rejimda yorqinlik taxminan 440 nit bilan chegaralanadi. Shu sababli quyosh ostida maksimal qulaylik uchun avtomatik rejimdan foydalanishga to‘g‘ri keladi.

Displey bilan bog‘liq yana bir nozik jihat PWM texnologiyasidir. Notebookcheck ma’lumotiga ko‘ra, ekran 120 Hz PWM’dan foydalanadi, ayrim holatlarda 240 Hz ham qayd etilgan. Bu esa sezgir foydalanuvchilarda ko‘z charchashi yoki bosh og‘rig‘ini keltirib chiqarishi mumkin.

Ergonomika jihatidan A56 katta smartfonlar toifasiga yaqin. Qurilma 6,7 dyuym ekran va 198 gramm og‘irlikka ega. Shu sababli uni bir qo‘lda uzoq vaqt ishlatish noqulay bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, oynavand orqa panel sirpanchiqroq ekani ham amaliy foydalanishda seziladi.

Kamera imkoniyatlari

Galaxy A56 5G kameralar tizimi qog‘ozda oddiy ko‘rinadi. Qurilmada 50 MP asosiy sensor (OIS bilan), 12 MP ultra-wide va 5 MP makro modul mavjud. Old kamera esa 12 MP, asosiy kamera yaxshi natija beradi. Kunduzgi suratlarda detal yetarli, ranglar barqaror chiqadi. Stabilizatsiya ham o‘zini oqlaydi. Biroq muammo qo‘shimcha modullarda boshlanadi.

Foto: Tech Radar

Eng ko‘p tanqid qilinadigan qism bu makro kamera. Android Authority va Amateur Photographer sinovlarida u deyarli foydasiz deb baholangan. Surat sifati past, detal kam, amaliy qiymati esa cheklangan. Shu sababli ko‘plab ekspertlar bu modul o‘rniga telefoto yoki kuchliroq ikkinchi sensor foydaliroq bo‘lardi degan fikrda.

Zoom imkoniyatlari ham unchalik kuchli emas. Samsung 10x gacha raqamli zoomni taklif qiladi. Ammo telefoto linza yo‘qligi sabab yuqori zoom darajasida suratlar tez sifatini yo‘qotadi. Video yozishda ham cheklovlar bor. Qurilma 4K 30 fps formatida video yozadi. 60 fps esa barcha rejimlarda mavjud emas. Agar foydalanuvchi uchun 4K 60 fps muhim bo‘lsa, bu kamchilik hisoblanadi. Masalan, ayrim raqobatchilar bu formatni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

Batareya, zaryad va komplektatsiya

Galaxy A56 5G‘da 5 000 mA/soat batareya mavjud bo‘lib, bu modelning eng ishonchli jihatlaridan biri hisoblanadi. Notebookcheck sinovlarida qurilma Wi-Fi orqali brauzerda taxminan 20 soat ishlagan. 1080p video ijro esa 41 soatga yaqin natija ko‘rsatgan. Bu ko‘rsatkichlar segment uchun juda yuqori darajada.

Foto: T3

Amaliy foydalanishda ham natijalar yomon emas. Android Authority qurilma bir yarim kungacha ishlashini ijobiy baholaydi. Biroq barcha testlar bir xil emas. Android Central sharhida batareya A55 modeliga nisbatan tezroq tugashi qayd etilgan. Ayniqsa o‘yin yoki kamera ishlatilganda kun oxiriga zo‘rg‘a yetishi mumkin.

Shu bois umumiy xulosa oddiy. Avtonomlik yaxshi, lekin foydalanish ssenariysi va sozlamalarga kuchli bog‘liq. Zaryadlash imkoniyatlari ham o‘rtacha darajada. Qurilma 45W tez zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo real testlarda bu tezlik maksimal natija bermaydi. Android Authority va Tech Advisor sinovlariga ko‘ra, 0 dan 100% gacha to‘liq zaryad taxminan 75 daqiqa vaqt oladi.

Foto: Samsung

Eng katta kamchiliklardan biri — simsiz zaryadlash yo‘qligi. Bu narx segmentida ayrim raqobatchilar bunday funksiyani taklif qiladi. Komplektatsiya esa minimal darajada. Qutida faqat USB-C kabel va SIM karta ignasi mavjud. Zaryadlovchi adapter alohida sotib olinadi.

Dasturiy ta’minot, aloqa va multimedia

Galaxy A56 5G dasturiy tomondan zamonaviy platformaga ega. Qurilma Android 15 va One UI 7 bilan keladi. Samsung sun’iy intellekt funksiyalarini «Awesome Intelligence» nomi ostida taqdim etadi. Bu yerda Circle to Search, Object Eraser, Auto Trim va Best Face kabi imkoniyatlar mavjud. Yangilanish siyosati ham kuchli jihatlardan biri. Samsung rasmiy sahifalariga ko‘ra, qurilma 6 ta Android yangilanishi va 6 yil xavfsizlik qo‘llab-quvvatlovini oladi. Ayrim texnik ma’lumotlarda esa xavfsizlik yangilanishlari 2032-yil 31-martgacha davom etishi qayd etilgan.

Foto: You Tube

Shu bilan birga, kichik kamchiliklar ham bor. Tom’s Guide AppCloud kabi tizim ilovalari to‘liq o‘chirilmasligini qayd etgan. Faqat o‘chirib qo‘yish mumkin. Bu esa ba’zi foydalanuvchilar uchun noqulaylik tug‘diradi. Yana bir nozik jihat — virtual yaqinlik sensori. Samsung spetsifikatsiyasida «Virtual Proximity Sensing» ko‘rsatilgan. Bu ba’zi holatlarda qo‘ng‘iroq vaqtida ekran noto‘g‘ri o‘chib-yoqilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Aloqa imkoniyatlari umumiy hisobda yetarli. Qurilma 5G Sub-6 tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Wi-Fi 6 (2.4 va 5 GHz) va Bluetooth 5.3 mavjud. Biroq ayrim zamonaviy texnologiyalar yo‘q. Masalan, Wi-Fi 6E va UWB qo‘llab-quvvatlanmaydi. Portlar ham oddiy darajada. USB 2.0 ishlatilgan, MHL funksiyasi yo‘q. Bu esa yuqori tezlikdagi ma’lumot uzatish yoki tashqi displeyga ulanish imkoniyatlarini cheklaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy A37 va A57 smartfonlarining narxi e’lon qilingani haqida yozgan edi.