
Toshkent shahri va Parkent tumanida sifati kafolatlanmagan dori vositalari savdosi fosh etildi. Bu haqda DXX ma’lum qildi.
Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan erkin iqtisodiy zonadagi farmatsevtika korxonasida o‘tkazilgan tekshiruv natijasida omborxonada yaroqlilik muddati o‘tgan minglab dori vositalari aniqlangan. Ular orasida 55,8 ming dona «Menovazin», 25 ming dona «Vodorod peroksidi» va 50,8 ming dona «Etil spirti» borligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, 28 mln 270 ming donadan ortiq yorliq va etiketkalar saqlanayotgani aniqlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, muddati o‘tgan dorilarni qayta qadoqlab, ularni 2025 – 2026-yillarda ishlab chiqarilgandek ko‘rsatib sotuvga chiqarish rejalashtirilgan.

Yana bir holat poytaxtda qayd etildi. Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro to‘xtatilib, uning yuklari tekshirilgan. Natijada mamlakat hududiga olib kirilishi taqiqlangan, qiymati 763 mln so‘mga teng 6,6 ming dona dori vositalari topilgan.
Surishtiruv davomida ushbu dorilar Hindistondan olib kelingani va boshqa shaxs bilan birga sotilishi rejalashtirilgani aniqlangan. Gumonlanuvchining xonadoni ham ko‘zdan kechirilgan va u yerdan qo‘shimcha 107 dona dori vositalari topilgan.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha dori vositalari ekspertizaga yuborilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Surxondaryoda qo‘shmachilik qilgan ayolga sud hukmi o‘qilgani haqida yozgan edi.