Toshkentdan Nurafshongacha 30 daqiqalik avtobus yo‘lagi quriladi

eʼlon qilindi
Yo‘lning 19,2 km qismi qayta quriladi
Toshkentdan Nurafshongacha 30 daqiqalik tezkor avtobus yo‘lagi quriladi
Foto: «Toshshahartransxizmat» matbuot xizmati

Toshkent shahri va Nurafshon o‘rtasida 30 daqiqalik BRT (tezkor) avtobus yo‘lagi quriladi. Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 24-martdagi qaroriga muvofiq, «Qo‘yliq» bozoridan Nurafshon shahri markazigacha 23 kilometrlik yangi yo‘l infratuzilmasi quriladi.

Yo‘lning 19,2 km qismi qayta quriladi. Yangi tizim ishga tushgach Toshkent va Nurafshon o‘rtasidagi qatnov vaqti ikki baravar qisqaradi. Yo‘l 30 daqiqada bosib o‘tiladi. Bu esa 150 mingdan ortiq aholining harakatini qulay va xavfsiz qiladi.

Loyiha doirasida mavjud yo‘l kengaytiriladi va zamonaviy magistral darajasiga olib chiqiladi. Poytaxt qismida yo‘l 12 – 16 tasma, shahar atrofida 8 tasma, Nurafshonda esa 10 tasma bo‘ladi. Markaziy qismda BRT uchun alohida ikki tasma ajratiladi.

Loyiha xaritasi / E-qaror

Yangi yo‘nalishda harakat tezligi 80 – 100 km/soatni tashkil etadi. Aholi yashash hududlarida bu ko‘rsatkich 60 km/soat bilan cheklanadi. Loyiha doirasida 2 ta yo‘l bog‘lamasi, 8 ta ko‘prik va 9 ta yerosti piyodalar o‘tish yo‘li quriladi. Bekatlar yopiq va iqlim nazorati tizimi bilan jihozlanadi. Ular orasidagi masofa o‘rtacha 2,9 km bo‘ladi.

Yo‘l infratuzilmasiga aqlli chorrahalar, LED yoritish tizimi, videokuzatuv hamda qoidabuzarlikni aniqlovchi kameralar o‘rnatiladi. Shuningdek, drenaj tizimi ham quriladi. Loyihaning umumiy qiymati $119,6 mln etib baholangan. Qurilish ishlari 2027 – 2028-yillarda olib boriladi. To‘liq ishga tushirish 2028-yil oxiriga rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, BRT – bu tezkor avtobus tizimi bo‘lib, unda jamoat transporti uchun alohida yo‘lak ajratiladi. Ushbu yo‘laklar boshqa transport vositalaridan to‘liq ajratilgani sabab avtobuslar tirbandlikka tushmaydi. Natijada ular belgilangan jadval asosida tez va barqaror harakatlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri poytaxtdagi yana o‘nta ko‘chada yangi yo‘nalishlar tashkil etilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek