
Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan taqiqlangan moddalarga qarshi o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli operatsiya doirasida aktrisa Hande Erchel va boshqa taniqli shaxslarni hibsga olishga order berildi. Bu haqda Hurriyet nashri xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, mazkur tergov harakatlari jamoat axloqi va oilaviy qadriyatlarni himoya qilish maqsadida boshlangan. Operatsiya davomida jami 16 nafar gumondorga nisbatan order chiqarilgan bo‘lib, ularning 14 nafari politsiya uchastkasiga olib kelingan.

Aktrisa Hande Erchel ayni paytda xorijda bo‘lgani sababli hozircha qo‘lga olinmagan. Sud organlari u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan gumondorlar qatorida ekanini ma’lum qildi. U Turkiyaga qaytganidan so‘ng politsiya uchastkasiga chaqirilishi yoki bevosita aeroportning o‘zida so‘roq qilinishi kutilmoqda.

Hibsga olinishi kutilayotgan shaxslar ro‘yxatida aktrisaning sobiq yigiti Hakan Sabanji va uning ukasi Kerim ham mavjud. Shuningdek, «Beshiktosh» futbol klubining sobiq prezidenti Fikret Orman, «Galatasaroy» sobiq prezidenti Burak Elmas va model Didem Soydan kabi ismlar ham ro‘yxatga kiritilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Izmirda o‘zbekistonlik ayol to‘rtinchi qavatdan qulab tushgani haqida xabar bergan edi.