Avto

Yangi Kia Seltos 2027 dizayni keskin o‘zgarishga uchraydi

Kia
Avtomobilning texnik xususiyatlari va to‘liq jihozlanishi taqdimot vaqtida rasman ochiqlanadi
Foto: Kia

Kia kompaniyasi yangi avlod Kia Seltos 2027 modelining ilk tizer suratlarini e’lon qildi. Bu haqda kompaniyaning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Avtomobilning rasmiy taqdimoti 1-aprel kuni Nyu-York avtosalonida bo‘lib o‘tadi.

Yangi Seltos brendning Opposites United dizayn konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda tabiat va texnologiya uyg‘unligi aks ettirilgan. Tizerlarga qaraganda, krossover yanada burchakli, massiv va balandroq siluetga ega bo‘lgan.

Tashqi ko‘rinishda zamonaviy LED kunduzgi chiroqlar, keng kapot chizig‘i, va yashirin eshik tutqichlari kabi elementlar mavjud.

Dizayn jihatdan model Kia Telluride yangi avlodiga o‘xshashliklarga ega bo‘lib, yanada jiddiy va zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan.

Foto: Kia

Kompaniya ta’kidlashicha, yangi Seltos kundalik foydalanish uchun qulaylik va sayohatlar uchun universal imkoniyatlarni birlashtiradi. Avtomobilning texnik xususiyatlari va to‘liq jihozlanishi taqdimot vaqtida rasman ochiqlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kia Soluto fevralda eng ko‘p sotilgan modellar qatoriga kirgani haqida yozgandi.