1-apreldan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi

Kursiv Uzbekistan 1-apreldan O‘zbekistonda yuz beradigan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumotlarni bir joyga jamladi.
Ushbu maqolada siz quyidagilar bilan tanishishingiz mumkin:
- 1-apreldan eskrou tizimidagi bitimlarda komissiya tartibi joriy etiladi
- Turoperatorlarga har 1 ming turist uchun 5 ming dollargacha subsidiya beriladi
- Ko‘chmas mulk va avtomobil savdosida yangi tartib joriy etiladi
- O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlarda QQSni qaytarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi
- Ipoteka kreditlari budjet mablag‘lari hisobidan rasmiy daromadga ega fuqarolarga ajratiladi
- Kimlarga bog‘cha puli 50 foizga kamaytirib beriladi
- O‘zbekistondagi «zapravka»larda 1-apreldan benzin faqat karta orqali sotiladi
- Notariuslikka tanlov qanday tartibda o‘tkaziladi
- «Oʻzbekneftgaz» xodimlari oyliklari 10 foizga oshiriladi
- 2026-yildan davlat tibbiyot muassasalarida besh kunlik ish haftasi joriy qilinadi
- Foto va video tizimlar bilan jarima ballari joriy qilinadi
- Pillachilikka subsidiya: to‘langan mablag‘ning 35 foizi qaytariladi
- Toshkent viloyatida maishiy chiqindilarni olib chiqish tariflari 1-apreldan oshadi
1-apreldan eskrou tizimidagi bitimlarda komissiya tartibi joriy etiladi

2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladigan bitimlar bo‘yicha xizmatlar uchun komissiyalar belgilandi. Shu munosabat bilan ko‘chmas mulk va avtotransport vositalari bo‘yicha tranzaksiyalarni amalga oshirayotgan fuqarolar va tashkilotlar uchun aniq tariflar tasdiqlandi.
Xususan, ko‘chmas mulk bo‘yicha bitimlarda komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan oshmasligi, ya’ni maksimal 206 ming so‘m miqdorida bo‘lishi belgilangan. Avtotransport vositalari bitimlarida esa komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizidan oshmasligi, ya’ni 103 ming so‘mga teng bo‘ladi.
Turoperatorlarga har 1 ming turist uchun 5 ming dollargacha subsidiya beriladi

1-apreldan boshlab, turoperatorlar uch oy davomida jalb qilgan har 1 ming xorijiy turist uchun Davlat budjetidan $5 minggacha subsidiya oladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida Narpay tumanida Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishida ma’lum qildi.
Shu bilan birga, qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmi keshbek shaklida qaytariladi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda 5 milliondan ortiq kuzatuvchisi bo‘lgan 50 ta xorijiy bloger O‘zbekistonga yetti kunlik bepul turpaket bilan taklif qilinadi.
1-apreldan ko‘chmas mulk va avtomobil savdosida yangi tartib joriy etiladi

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk hamda ayrim transport vositalarini sotish va xarid qilish jarayonida hisob-kitoblarni bank orqali amalga oshirish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Yangi tizim 2026-yil 1-apreldan kuchga kiradi. Shundan boshlab ko‘chmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifasidagi transport vositalari hamda maxsus texnikalarni sotish jarayonida to‘lovlar bank orqali tasdiqlanishi talab etiladi.
Jarayonga ko‘ra, xaridor yoki uning vakili bankka murojaat qilib, shartnoma uchun kelishilgan mablag‘ni maxsus eskrou hisobvarag‘iga joylashtiradi. Agar xarid kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsa, bank bu haqda notariusga elektron tarzda xabar yuboradi.
Shundan so‘ng tomonlar notariusga murojaat qilib, oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtiradi. Notarius esa elektron tizim orqali eskrou hisobvarag‘ida mablag‘ mavjudligini tekshiradi va shartnomani tasdiqlaydi. Bitim rasmiylashtirilgach, mablag‘lar sotuvchining bank hisobiga o‘tkaziladi yoki uning talabiga binoan naqd shaklda berilishi mumkin.
O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlarda QQSni qaytarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlarda chet el fuqarolariga qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ni qaytarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Qarorning asosiy maqsadi chet el fuqarolariga QQSni qaytarish tizimi qamrovini kengaytirish va 2026/2027-yillarda ular tomonidan amalga oshiriladigan xaridlar hajmini 10 baravar oshirishdan iborat.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan boshlab respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida chet el fuqarolariga QQSni qaytarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, chet el fuqarolari o‘z xohishiga ko‘ra QQSni naqd pul shaklida qaytarib olishi mumkin bo‘ladi. Bunda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasining 85 foizi xaridorga qaytariladi, 15 foizi esa tax free tizimi operatori xizmatlari uchun yo‘naltiriladi.
QQSni chet el fuqarolarining bank kartasiga qaytarish tovar olib chiqib ketilgan kundan boshlab 3 ish kunidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Ipoteka kreditlari budjet mablag‘lari hisobidan rasmiy daromadga ega fuqarolarga ajratiladi

1-apreldan boshlab budjet mablag‘lari hisobidan ipoteka kreditlari rasmiy daromadga ega fuqarolarga beriladi. Ushbu tartib ijtimoiy soliqni ixtiyoriy to‘lagan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ham tatbiq etiladi.
Bunda ulardan 2026-yilda so‘nggi 1 yillik, 2027-yilda so‘nggi 2 yillik, 2028-yildan boshlab esa oxirgi 3 yillik soliq to‘lov tarixi talab qilinadi.
Kimlarga bog‘cha puli 50 foizga kamaytirib beriladi

2026-yil 1-apreldan Nukus shahri tarkibiga kiruvchi «Qaratau» va «Bestobe» mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi uchun davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ota-onalar to‘lovi 50 foizga kamaytiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Shuningdek, maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori bo‘lgan savdo komplekslari va mehmonxona xizmatlari bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar uchun ham soliq imtiyozlari beriladi. 2027-yil 1-yanvardan 2040-yil 1-yanvargacha ushbu hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar yer va mol-mulk solig‘ini 90 foizini kamaytirilgan stavkada to‘laydi.
O‘zbekistondagi «zapravka»larda 1-apreldan benzin faqat karta orqali sotiladi

1-apreldan boshlab O‘zbekistonda avtomobillarga yonilg‘i quyish uchun to‘lovlar faqat naqdsiz shaklda amalga oshiriladi. Bu haqda prezident farmonida keltirilgan.
Endilikda benzin, gaz yoki elektromobillar uchun quvvatlash xizmatlari uchun hisob-kitobni bank kartasi, to‘lov ilovalari yoki yagona QR-kod orqali to‘lash mumkin bo‘ladi.
Yangi tartibga ko‘ra, yonilg‘i quyish shoxobchalarida naqd pul qabul qilinmaydi. Cheklovlar faqat yonilg‘iga emas, balki AYOQSh hududida sotiladigan boshqa mahsulotlarga ham tatbiq etiladi.
Notariuslikka tanlov qanday tartibda o‘tkaziladi

Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Sinov ikki bosqichdan iborat bo‘ladi. Birinchi bosqich test sinovlari shaklida o‘tadi. Ikkinchi bosqich esa amaliy imtihondan iborat.
Tanlov haqidagi e’lon «Inson va qonun» gazetasi hamda vazirlikning rasmiy saytida joylashtiriladi. Birinchi bosqich talabgorlar ro‘yxati Bilim va malakalarni baholash agentligiga taqdim etilgan kundan 10 kun o‘tib, biroq 15 kundan kechiktirmay o‘tkaziladi.
Test sinovlari elektron platforma orqali topshiriladi. Savollar davlat va jamiyat boshqaruvi, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik huquqi, notariat va vorislik huquqiga oid bo‘ladi. Jami 40 ta test uchun 60 daqiqa vaqt beriladi. 55 balldan yuqori natija ko‘rsatgan talabgor muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi. Agar u ikkinchi bosqichdan o‘ta olmasa, bir yil davomida testni qayta topshirishi shart bo‘lmaydi.
Ikkinchi bosqichda talabgorlar elektron platformada notarial harakatlar loyihasini tayyorlaydi va muammoli masalaga javob beradi. Tayyorlanish uchun 20 daqiqa vaqt ajratiladi. Yakuniy bosqich natijasida to‘plangan ball eng yuqori ballning 55 foizidan yuqori bo‘lsa, talabgor tanlovdan o‘tgan hisoblanadi.
Mazkur hujjat 2026-yil 1-apreldan kuchga kiradi.
«Oʻzbekneftgaz» xodimlari oyliklari 10 foizga oshiriladi

«Oʻzbekneftgaz» AJ xodimlarining turmush darajasini oshirish va ularning moddiy manfaatlarini yanada himoyalash maqsadida oylik maoshlarini oshirishini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, «Oʻzbekneftgaz» tizim korxona va tashkilotlaridagi xodimlarning lavozim okladlari (tarif stavkalari) 1-apreldan boshlab 10 foizga oshiriladi.
Qaror 32 mingdan ziyod xodimlarni qamrab oladi va tizimning moliyaviy imkoniyatlari hamda ishlab chiqarish koʻrsatkichlariga tayanadi.
Ma’lumot uchun, 2026-yil uchun tarif setkasi avvaldan oshirilgan miqdorda tasdiqlangan korxona va tashkilotlarga bu norma tatbiq etilmaydi.
2026-yildan davlat tibbiyot muassasalarida besh kunlik ish haftasi joriy qilinadi

2026-yil 1-apreldan davlat tibbiyot muassasalarida besh kunlik ish haftasi joriy qilinadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi qaror qabul qildi.
Qaror 2026-yildan boshlab davlat tibbiyot muassasalarida ishlayotgan xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ish sharoitlarini yaxshilash va moddiy rag‘batlantirishni nazarda tutadi.
Endilikda tibbiyot xodimlari har yili Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori darajasida rag‘bat oladi. Shuningdek, tibbiyot sohasida «eng yaxshi» yo‘nalishlar bo‘yicha tanlovlar o‘tkazilib, shifoxonalar 500 million so‘m, rahbar va tibbiyot xodimlari 30 million so‘m bir martalik mukofot bilan rag‘batlantiriladi.
2026-yil 1-apreldan davlat tibbiyot muassasalarida besh kunlik ish haftasi joriy qilinadi. Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi.
1-apreldan foto va video tizimlar bilan jarima ballari joriy qilinadi

1-apreldan boshlab yo‘l harakati qoidabuzarliklarini foto va video qayd etish tizimlari orqali aniqlashda ham jarima ballari hisoblanadi.
1-fevraldan «A» va «B» toifali haydovchilik guvohnomasini olish uchun fuqarolar o‘quv dasturining nazariy qismini mustaqil o‘rganishlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan avtomaktablarda o‘qish bu bosqichda majburiy bo‘lmaydi.
Yangi tartibga ko‘ra, «A», «B», «C» va «D» toifali haydovchilik guvohnomasi egalariga «A1» toifadagi moped va skuterlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqarish huquqi beriladi.
1-apreldan pillachilikka subsidiya: to‘langan mablag‘ning 35 foizi qaytariladi
2026-yil 1-apreldan pilla yetishtiruvchilar, ya’ni ipak qurti boquvchilar va kasanachilar uchun muhim moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etiladi.
Subsidiya mablag‘i «mahalla yettiligi» kollegial qarori asosida ajratiladi. Bu degani, mahalliy vakolatli organlar pilla yetishtiruvchilarning to‘langan mablag‘larini tekshirib, haqiqatda pilla uchun to‘lab bergan summalarining 35 foizini subsidiya sifatida qaytaradi.
Toshkent viloyatida maishiy chiqindilarni olib chiqish tariflari 1-apreldan oshadi

Toshkent viloyatida maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmatlari uchun yangi tariflarni tasdiqladi. Yangi tariflar 1-apreldan kuchga kiradi. Bu haqda xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi qarori qabul qilindi.
Yangi tariflar:
- jismoniy shaxslar uchun bir kishiga oylik chiqindi xizmati: 7 ming so‘mdan 9,7 ming so‘mgacha (QQS bilan 10,8 ming so‘m) oshadi;
- yuridik shaxslar uchun 1 m³ chiqindi: 74 ming so‘mdan 86,9 ming so‘mgacha (QQS bilan 97,3 ming so‘m) oshadi;
- 1 tonna qattiq maishiy chiqindini olib chiqib, chiqindi poligon yoki qayta yuklash stansiyasiga yetkazish uchun to‘lov: 431 ming so‘m (QQS bilan 482,8 ming so‘m).
Avvalroq «Kursiv» nashri 1-martdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgarishi haqida yozgandi.