
Chevrolet Equinox modelining 2027-yilgi versiyasida RS komplektatsiyasi ichki dizaynida kichik, ammo sezilarli o‘zgarish kiritiladi. Bu haqda GMAuthority nashri xabar berdi.
Yangi modelda salon tikuvlaridagi rang uyg‘unligi soddalashtiriladi: avval qo‘llangan Santorini Blue va Torch Red kombinatsiyasi o‘rniga endi faqat Torch Red (qizil) tikuvlar ishlatiladi. Bu esa interyerga yanada yaxlit va sportiv ko‘rinish beradi.

Texnologik jihatdan ham yangiliklar bor. Avtomobil Connected Cameras tizimi bilan jihozlanadi – u ichki va tashqi kameralar orqali real vaqt rejimida tasvirni ko‘rsatadi va uni MyChevy ilovasi orqali masofadan kuzatish imkonini beradi.

Shuningdek, uzatma tizimi ham soddalashtiriladi: 2027-yildan boshlab barcha versiyalar bir xil – 8 pog‘onali avtomat uzatmaga o‘tadi. Hozirda esa old g‘ildirakdan tortuvchi variantlar CVT, to‘liq tortish tizimi esa avtomat uzatma bilan taqdim etilmoqda.

Kaput ostida esa o‘zgarish deyarli yo‘q – model 1.5 litrli turbo dvigatel bilan jihozlanib, 175 ot kuchi ishlab chiqaradi.
Ishlab chiqarish 2026-yil 1-iyundan boshlanishi rejalashtirilgan, buyurtmalar esa 16-apreldan qabul qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Cobalt narxidagi bir kishilik avtomobil taqdim etilgani haqida yozgandi.