
MiraBox tomonidan ishlab chiqilgan yangi MiraBox K1W klaviaturasi Kickstarter platformasida namoyish etildi. Ushbu qurilma o‘ziga xos dizayni va funksiyalari bilan ajralib turadi.
Klaviatura yarim shaffof korpusda ishlab chiqilgan bo‘lib, unda 6 ta dasturlashtiriladigan tugma mavjud. Eng qiziq jihati — har bir tugma kichik LCD ekran bilan jihozlangan. Foydalanuvchilar bu ekranlarda matn, ikonka yoki animatsiyalarni chiqarib, ularni tezkor buyruqlar uchun qulay yorliqlarga aylantirishi mumkin.

Sozlamalar maxsus dastur o‘rnatmasdan, veb-interfeys orqali amalga oshiriladi. Unda makroslar yaratish, murakkab buyruqlarni sozlash va tugmalar dizaynini o‘zgartirish imkoniyati mavjud.

Qurilma turli servislar bilan integratsiyani ham qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, Spotify bilan ulanganida tugmalar musiqa boshqaruv paneliga aylanadi — treklarni almashtirish, pauza qilish va boshqaruvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tugmalardan amalga oshirish mumkin.

Shuningdek, klaviatura simli va simsiz ulanishni qo‘llaydi, 15 xil effektli RGB yoritishga ega va tugmalarni hot-swap orqali oson almashtirish mumkin. Ichki shovqin yutuvchi qatlam tufayli u jim ishlaydi va stol ustida barqaror turadi.
Yangi MiraBox K1W klaviaturasining narxi $109 etib belgilangan. Ilk yetkazib berishlar 2026-yil may oyiga rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung rasman Galaxy A57 va A37 smartfonlarini taqdim etgani haqida yozgandi.