Buxorodagi «zapravka»da benzin kam quyilgani aniqlandi, ish sudga oshirildi

eʼlon qilindi
Kolonka ko‘rsatkichiga nisbatan kam benzin berilgan
Foto: Autonews.ru

Buxoro viloyatida yoqilg‘i quyish shoxobchasida benzin kam quyilgani bo‘yicha fuqaro murojaati o‘z tasdig‘ini topdi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, fuqaro avtomobiliga yoqilg‘i quyish jarayonida kolonka ko‘rsatkichiga nisbatan kam benzin berilganini bildirib, ishonch telefoniga murojaat qilgan.

Mazkur murojaat asosida nazorat organlari tomonidan Peshku tumanida faoliyat yurituvchi P.A.P xususiy korxonasida tekshiruv o‘tkazildi. Unda AI-92 markali yoqilg‘i quyish shoxobchasidagi «Texno uz» rusumli ustunchada yoqilg‘i berish miqdori belgilangan me’yorlardan kam ekani aniqlangan.

Bundan tashqari, korxonada foydalanilayotgan 6 ta o‘lchash vositasi metrologik tekshiruvdan o‘tkazilmagani ham ma’lum bo‘ldi. Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan korxona rahbariga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sudga yuborilgan.

Mutasaddilar iste’molchilarga sifatsiz yoki shubhali holatlarga duch kelinganda 1880 qisqa raqami orqali murojaat qilishni tavsiya qildi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistondagi «zapravka»larda 1-apreldan benzin faqat karta orqali sotilishi haqida yozgandi.

Shuningdek