Avto

Freelander avtomobili qanday dizaynga ega bo‘ladi

U yil oxirigacha Yaqin Sharq bozoriga ham chiqishi kutilmoqda
Freelander avtomobili qanday dizaynga ega bo‘ladi
Foto: Mydrivers

Chery va Jaguar Land Rover hamkorligida yaratilgan yangi Freelander SUV ilk bor sinov paytida suratga tushdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda. Model 31-mart kuni rasman taqdim etiladi.

Yangi avtomobil qattiq yo‘llar uchun mo‘ljallangan elektr SUV sifatida ishlab chiqilgan. Uning taxminiy narxi 400 ming yuan atrofida, bu qariyb $58 mingga teng. Model dizayni klassik Land Rover Discovery uslubiga yaqin. Kuzov kvadrat shaklda, old qismi yopiq panjaraga ega. Tom qismida lidar sensori o‘rnatilgan.

Foto: Mydrivers

Texnologik jihatdan avtomobil yetakchi kompaniyalar bilan jihozlanadi. Xususan, haydovchiga yordam tizimlari uchun Huawei yechimlari qo‘llanadi. Multimedia tizimi esa Qualcomm platformasiga asoslanadi. Batareyalar CATL tomonidan yetkazib beriladi. Salon ichida katta sensor ekran, ko‘p funksiyali rul va jismoniy tugmalar mavjud. Avtomobil 6 o‘rinli qilib ishlab chiqilgan. Ikkinchi qatordagi o‘rindiqlardan biri «nol tortishish» rejimini qo‘llab-quvvatlaydi.

Freelander ikki xil versiyada taklif etiladi. Ular to‘liq elektr va gibrid (range extender) variantlardir. Barcha modellar to‘liq yuritma bilan jihozlanadi.

Foto: Mydrivers

Yangi model global bozorga mo‘ljallangan. U yil oxirigacha Yaqin Sharq bozoriga ham chiqishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery va Jaguar Land Rover yangi elektromobilni taqdim qilishi haqida yozgan edi.