
Google kompaniyasi 25-mart kuni davomiyligi uzunroq va professional musiqalar yaratishga qodir bo‘lgan Lyria 3 Pro modelini ommaga e’lon qildi.
Lyria 3 Pro modeli yordamida endi 3 daqiqagacha bo‘lgan treklarni yaratish mumkin. Tizim musiqiy kompozitsiyani chuqurroq tushunadi hamda foydalanuvchilar intro, kuplet va naqorat kabi muayyan qismlarni alohida kiritish imkoniyatiga ega.

Yangi model Vertex AI, Google AI Studio va Gemini API platformalarida ochiq sinov rejimida ishga tushirilgan. Shuningdek, u Google Vids, Gemini ilovasi va ProducerAI vositalariga ham kiritildi. Ushbu integratsiyalar dasturchilar, biznes vakillari va ijodkorlarga yuqori sifatli audiolarni keng ko‘lamda ishlab chiqarishga yordam beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google Gemini ilovasiga SI orqali musiqa yaratish funksiyasini qo‘shgani haqida xabar bergan edi.