
Kubada yashovchi mexanik Juan Karlos Pino eski avtomobilini ko‘mirda ishlaydigan qilib qayta yasadi. Bu haqda CBC nashri ma’lum qildi.
56 yoshli Pino 1980-yilda ishlab chiqarilgan Fiat Polski avtomobilini o‘zgartirdi. Endi mashina benzin o‘rniga ko‘mir yordamida harakatlanadi. U qurilmani butunlay eski va ishlatilgan detallar asosida yasagan. Ko‘mir maxsus idishda yonadi va hosil bo‘lgan gaz dvigatelga uzatiladi.
Kubada yonilg‘i tanqisligi keskinlashgan. AQSh sanksiyalari sabab benzin ta’minoti kamaygan. Qora bozorda narx $8 ga yetgan. Pino yashaydigan Aguakate shaharchasida u mashhurga aylangan. Odamlar uning mashinasini ko‘rish uchun to‘planmoqda.
Mexanik bu yechimni inqirozdagi eng yaxshi variant deb hisoblaydi. U kelajakda traktorni ham shu tizimga o‘tkazmoqchi. Dastlabki sinovda avtomobil 85 km masofani bosib o‘tgan. Maksimal tezligi 70 km/soatga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 2025-yilda taqdim etilgan noodatiy avtomobillar haqida yozgan edi.