
Xalqaro miqyosda taniqli investorlardan biri, Quantum Fund fondi hammuassisi Jim Rojers xalqaro kapitalning Oʻzbekistonga qiziqishi ortib borayotgani fonida mamlakat aksiya bozoriga kiritgan sarmoyalari haqida soʻzlab berdi. U Kursiv Researchʼga bergan intervyusida nima sababdan Amerika aksiyalaridan voz kechishga qaror qilgani, Oʻzbekistonning kichik, ammo rivojlanayotgan fond bozori uni nimasi bilan jalb qilgani, investorlar uchun qanday xavflarni koʻrayotgani va iqtisodiyotning uzoq muddatli salohiyatini qanday baholayotgani haqida barafsil gapirib berdi.
— Jim, sarmoya yoʻnaltirish uchun aynan Oʻzbekistonni tanlashingizga nima sabab boʻldi?
— Oʻzbekiston ulkan salohiyatga ega mamlakat. Sizning boy va buyuk tarixingiz bor. Bu zaminda oldin ham yirik muvaffaqiyatlarga erishilgan davrlar boʻlgan. Temurlanni (Amir Temur — tahr.) yodga oling, u juda katta yutuqlarga erishgan va oʻz vaqtida dunyoning katta qismini zabt etgan.
Bugun ham Oʻzbekistonning hududi keng, aholisi koʻp va resurslari salmoqli. Hukumat iqtisodiyotni toʻgʻri yoʻnaltirishga, odamlar va investorlar uchun qulay sharoit hamda ragʻbat yaratishga harakat qilmoqda. Men baʼzan xatolarga yoʻl qoʻyishim mumkin, ammo hozir Oʻzbekiston sarmoya kiritish uchun eng istiqbolli yoʻnalishlardan biri boʻlib koʻrinmoqda.
— Siz AQSh va Rossiya aksiyalarini sotganingizni aytgandingiz. Amerika fond bozoridan chiqishingizga nima asosiy sabab boʻldi?
— Amerika aksiyalari rekord darajada yuqori. Ular AQSh tarixidagi eng uzoq davr davomida oʻsishga erishdi. 2008–2009-yillardan beri Amerika qogʻozlari faqat qimmatlashmoqda. Amerika tarixida bunday uzoq oʻsish hech qachon kuzatilmagan edi.
Balki bu keyinchalik ham davom etar. Janob Tramp: «Xavotir olmang», demoqda, lekin men xavotir olyapman. Bunaqasi oldin boʻlmagan. Tarixan shunday boʻlganki, hamma baxtli boʻlsa, savol berishning ayni vaqti. Derazadan qarab, nima notoʻgʻri boʻlishi mumkinligini koʻrishning ayni vaqti. Men bilaman, bunday holat avval ham yuz bergan. Oʻtmishda bu sodir boʻlganida, aynan shu savollar koʻtarilgan.
— Global iqtisodiy va geosiyosiy noaniqliklar kuchaygan bir paytda nega aynan Oʻzbekistonni investitsiya yoʻnalishi sifatida tanladingiz?
— Bozor hali kichik, ammo tez rivojlanmoqda. Davlat mamlakatga sarmoya jalb qilish uchun qulay sharoitlar va ragʻbatlar yaratishga harakat qilmoqda.
Shu sababli bu katta salohiyatga ega, resurslari yetarli, biroq aksiyalar soni hali cheklangan boʻlgan bozor hisoblanadi. Men xato qilayotgan boʻlishim mumkin, ammo tajriba shuni koʻrsatadiki, hukumat investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlasa, bu odatda ijobiy natijalarga olib keladi.
— Oʻzbekiston iqtisodiyotining qaysi tarmoqlarini uzoq muddatli investitsiyalar uchun istiqbolli deb bilasiz?
— Oʻzbekiston fond bozorida aksiyalar soni hali unchalik koʻp emas. Shu sabab men birjada mavjud deyarli barcha kompaniyalar qimmatli qogʻozlarini sotib oldim.
Agar bozor kichik boʻlsa va ijobiy holatda rivojlansa, u odatda maʼlum vaqt davomida oʻsishni davom ettiradi. Mening tarixiy tajribam ham shuni koʻrsatadi. Oʻzbekiston hukumati investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlashga va ragʻbatlantirishga harakat qilmoqda. Odatda bunday sharoit investorlar uchun ham imkoniyat borligini anglatadi.
— Oʻzbekiston kompaniyalari haqida maʼlumot toʻplash qiyin boʻlmadimi? Koʻpchilik maʼlumotlar yetarli emasligidan shikoyat qilmoqda.
— Siz bu vaziyatni oʻzgartira olasiz, Oʻzbekiston haqida dunyoga gapira olasiz. Hozir xalqaro investorlarning koʻpchiligi Oʻzbekistonni hatto xaritadan topa olmaydi, ammo bu vaqt oʻtishi bilan oʻzgaradi. Agar iqtisodiyot rivojlanishda davom etsa va davlat fond bozoriga sarmoya kiritishni qoʻllab-quvvatlasa, xalqaro hamda mahalliy investorlar soni ortadi.
Buning uchun maʼrifat zarur. Dunyo Oʻzbekistonni yaxshiroq tushunishi uchun vaqt kerak. Taʼlim, tajriba va muvaffaqiyatlar investorlarning qarashlarini oʻzgartiradi. Hozir bozor kichik, shu sabab koʻpchilik unga sarmoya kiritishga hali jurʼat qilmayapti. Ammo har qanday rivojlanish vaqt talab qiladi.
— Bugungi kunda xorijiy investorlar Oʻzbekiston bozoriga kirishda qaysi asosiy xavf-xatarlarni inobatga olishlari kerak?
— Xavf-xatar har qanday bozorda mavjud. Oʻzbekiston haqida gapiradigan boʻlsak, asosiy xatar shundaki, bu hali rivojlanish bosqichidagi kichik bozor. Bunday sharoitda qarorlar va yondashuvlar tez oʻzgarishi mumkin.
Masalan, hukumat siyosatini oʻzgartirishi yoki qoidalar va qonunlarga tuzatish kiritishi ehtimoli bor. Menimcha, aynan shu asosiy xavf omili. Bu albatta sodir boʻladi, degani emas, ammo bunday ehtimol har qanday davlatda mavjud. Hatto AQSh yoki Yaponiya kabi rivojlangan bozorlarda ham bu riskni inkor etib boʻlmaydi.
— Sizningcha, xalqaro investitsiya hamjamiyati Oʻzbekiston haqida nimani chuqurroq anglab yetishi kerak?
— Xalqaro investitsiya hamjamiyatiga Oʻzbekiston katta aktivlarga ega, ulkan salohiyatli va investorlarni qoʻllab-quvvatlashga intilayotgan davlat ekanini yetkazish muhim.
Agar investorlar bu haqda bilsa, kotirovkalar oʻsishni boshlasa, bu bozor rivojiga turtki beradi. Buning uchun vaqt va maʼrifat zarur. Ammo tarix shuni koʻrsatadiki, hozir amalga oshirilayotgan choralar odatda bozorlar uchun ijobiy signal hisoblanadi.
— Oʻzbekistonning investitsiya yoʻnalishi sifatidagi istiqboli haqida yakuniy soʻz.
— Men chindan ham koʻp xatolarga yoʻl qoʻyaman, ammo bu safar xato qildim deb oʻylamayman. Oʻzbekiston bozori ehtimol yaqin bir necha yil ichida oʻzini yaxshi tomondan namoyon etadi. Vaqt oʻtishi bilan kompaniyalar soni, bozor faolligi va uni tushunish darajasi ortadi. Men Oʻzbekiston kelajagiga optimistik qarayman.
Jim Rojers: investor va sayohatchi
Taniqli amerikalik investor Jim Rojers Jorj Soros bilan birgalikda 1970-yillarda oʻz davrining eng muvaffaqiyatli investitsiya fondlaridan biri boʻlgan Quantum Fund jamgʻarmasiga asos solgan. Oʻn yil ichida umumiy daromad taxminan 4200 foizni tashkil etdi.
Rojers ikki marta butun dunyo boʻylab sayohat qilgan (ikkala sayohat ham Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan), turli mamlakatlardagi investitsiya imkoniyatlarini oʻrgangan hamda moliya boʻyicha bir nechta kitoblar muallifi, jumladan, «Investitsion bayker», «Kapitalistning sarguzashtlari», «Tovar birjalari: dunyodagi eng qaynoq bozorlar», «Farzandlaringizni muvaffaqiyatli qiling». Ularda investor global investitsiya tajribasi, iqtisodiyot va taʼlimga oid qarashlari bilan oʻrtoqlashadi.
Hozir kunda Rojers Singapurda yashab kelmoqda. Chunki u Osiyoni kelajakdagi iqtisodiy oʻsish markazi deb biladi. Hozirda u ham sarmoya kiritadi va muntazam ravishda nufuzli iqtisodiy ekspert sifatida faoliyat yuritadi. Rojers uzoq muddatli iqtisodiy sikllar va past baholangan bozorlarga sarmoya kiritish tarafdori sifatida tanilgan.