Yangiliklar

O‘zbekiston va Tojikiston tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard dollarga yetkaziladi

2030-yilga qadar
O‘zbekiston va Tojikiston tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard dollarga yetkaziladi / Foto: President.uz

26-mart kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi prezidenti Emomali Rahmon tor doirada muzokara o‘tkazib, Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini boshqardilar. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

«Bugun biz Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishini boshlab bermoqdamiz. Ushbu format, shubhasiz, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtaradi, Oʻzbekiston – Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini amaliy mazmun va ilgʻor tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qiladi», – dedi Mirziyoyev.

Foto: President.uz
Foto: President.uz
Foto: President.uz

Davlat rahbarlari yig‘ilishda hukumatlar, parlamentlar va idoralar darajasidagi faol aloqalarni qayd etib, o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish, transport, suv va energetika xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha choralarni muhokama qildilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi qariyb $1 mlrdga yetgan bo‘lsa, 2030-yilga kelib bu ko‘rsatkichni $2 mlrdga oshirish rejalashtirilgan.

Yig‘ilish davomida «Oybek – Fotihobod» chegaraoldi savdo markazini barpo etish, mahsulotlarni sertifikatlash, «E-Permit» ruxsatnomalarini almashish raqamli tizimlarini joriy etish va chegara nazorat punktlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, tog‘-kon, energetika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, yengil sanoat va qurilish sohalaridagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun Sanoat kooperatsiyasi dasturi qabul qilindi.

Foto: President.uz
Foto: President.uz
Foto: President.uz

Tomonlar hududlararo aloqalarni rivojlantirish, gumanitar, ta’lim va ilmiy almashinuvlarni rag‘batlantirish hamda madaniy-gumanitar sohalarda besh yillik chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldilar. Shu bilan birga, mintaqaviy xavfsizlik va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashildi, Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida hamkorlikni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida keng qamrovli «yo‘l xaritasi» qabul qilindi.

Foto: President.uz

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Emomali Rahmon Toshkentda qanday kutib olingani haqida yozgan edik.