
Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatdan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) davlatlariga olib chiqilishi mumkin bo‘lgan naqd pul miqdorini cheklovchi farmonni imzoladi.
1-apreldan boshlab fuqarolar YOII mamlakatlariga $100 mingdan ortiq miqdordagi naqd pulni olib chiqa olmaydi. Ushbu qoidaga ba’zi istisnolar kiritilgan. Xususan, hukumat tomonidan belgilanadigan havo o‘tkazish punktlari orqali olib o‘tish hamda hisobraqamlardan pul yechilganini tasdiqlovchi bank ko‘chirmalari yoki «hukumat tomonidan ro‘yxati belgilanadigan boshqa hujjatlar» mavjud bo‘lganda cheklov qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, 1-maydan boshlab mamlakatdan og‘irligi 100 grammdan ortiq bo‘lgan oltin quymalarini olib chiqish ham taqiqlanadi. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilgan holda, buni vazn cheklovlarisiz amalga oshirishlari mumkin.
YOII tarkibiga Rossiyadan tashqari Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlari kiradi. Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning mart oyidan buyon Rossiyadan $10 mingdan ortiq qiymatdagi xorijiy valyutani olib chiqish taqiqlangan edi. Biroq bu cheklov rubl valyutasiga nisbatan qo‘llanilmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Rossiya neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni vaqtincha yumshatgani haqida xabar bergan edi.