Yangiliklar

Qalbaki dori ishlab chiqargan korxona 82 mln so‘mga jarimaga tortildi

A.P. MChJ tomonidan
Foto: Adliya vazirligi

Adliya organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida A.P. MChJ tomonidan kontrafakt mahsulot ishlab chiqarilgani aniqlandi. Holat Imudon tovar belgisi egasi hisoblangan xalqaro kompaniya murojaati asosida ko‘rib chiqilgan.

Tekshiruv davomida korxona tomonidan Imudon nomiga fonetik jihatdan o‘xshash Imudon Nest belgisi ostida 31 mingdan ortiq mahsulotlar noqonuniy ishlab chiqarilgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur qonunbuzarlik yuzasidan korxonaga nisbatan 82 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi. Shuningdek, tovar belgisiga bo‘lgan huquqlarni buzuvchi barcha harakatlarni to‘xtatish majburiyati yuklatildi.

Kontrafakt mahsulotlar, ayniqsa, oziq-ovqat va farmatsevtika kabi sohalarda inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Shu bois tadbirkorlarga o‘z brendlarini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish va noqonuniy foydalanish holatlari yuzasidan tegishli organlarga murojaat qilish tavsiya etilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Surxondaryoda 126 mln so‘mlik noqonuniy dori savdosi fosh etilgani haqida yozgandi.